Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida ichimlik suvi, qishloq xo`jaligi va sog`liqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi ko`rib chiqildi.
So`nggi yillarda xalqaro moliya institutlari ko`magida amalga oshirilayotgan loyihalarning soni ham, ko`lami ham kengayib bormoqda. Xususan, oxirgi etti yilda shunday institutlar mablag`lari hisobidan 16 milliard dollar o`zlashtirildi. 103 ta loyiha ishga tushirildi.
Bularning natijasida 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga ta`sir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurildi va ta`mirlandi. 38 ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish o`rni yaratildi.
Shu bilan birga, xorijiy investisiyalar hisobiga, sohalarga yangi texnologiyalar, zamonaviy yondashuvlar ham kirib kelayapti.
Lekin hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimida joriy yilda 238 million dollar xalqaro moliya institutlari mablag`lari o`zlashtirilishi kutilmoqda. Bu mo`ljaldan ancha kam.
Umuman, so`nggi yillarda sohaga 2,4 milliard dollar jalb qilinib, shundan 1,3 milliard dollari o`zlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligida 877 million dollarlik 11 ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtimizning Yashnobod tumanida kattalar uchun ko`p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari bo`yicha investisiya o`zlashtirish boshlanmagan.
“O`zsuvta`minot” tarmog`ida qiymati 2,1 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8 ta loyihaning o`z vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor.
Bu ko`p hollarda loyiha guruhlari faoliyati bilan bog`liq ekani ko`rsatib o`tildi.
Davlatimiz rahbari loyihalar bajarilishida vazirlarning mas`uliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablag`larni samarali ishlatish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Mutasaddilar yil yakunigacha va 2024 yilda ishlarni jadallashtirib, kechikishlarni bartaraf etish, loyihalarni sifatli bajarib, natijasini ta`minlash bo`yicha axborot berdi.