AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatidagi "Qanqa shahristoni" yodgorligining bir qismi chiqindixonaga aylantirilgan

'Toshkent viloyatidagi "Qanqa shahristoni" yodgorligining bir qismi chiqindixonaga aylantirilgan'ning rasmi

Toshkent viloyatidagi "Qanqa shahristoni" arxeologik yodgorligi hududi o`zboshimchalik bilan uy-joylar qurilishi, bog`, ekinzorlar hamda turistlar tashrif buyurishi mumkin bo`lgan ob`ektning janubiy va g`arbiy tomonidagi kirish qismi ham chiqindixonalarga aylantirilgani aniqlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida o`tkazilgan o`rganishlar natijasida miloddan avvalgi III asr – milodning XII asriga taalluqli arxeologik yodgorlikka qariyb 14 milliard so`mlik zarar etkazilgani ma`lum qilingan.

Yodkorlikning kadastr hujjatiga ko`ra, uning umumiy maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0,50 gektari fuqaro A.B, 0,79 gektari T.B. qishloq xo`jaligi ekinlarini ekib, o`zboshimchalik bilan er maydonidan noqonuniy foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, sohaga oid huquqiy-me`yoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid tarzda Oqqo`rg`on tumani hokimining 2016 yil 8 iyundagi qaroriga ko`ra fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band bo`lgan er uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0,56 gektar er maydoni ajratilgan. Ushbu maydonning 140,4 kvadrat/metr qismida uchta yashash uyi va ikkita kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma hamda bir qismida bog` qurilgan.

O`rganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros ko`chmas mulk ob`ektiga etkazgan moddiy zarar bo`yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektiga A.P. tomonidan 10 milliard 367 million 448,3 ming so`m, A.B. tomonidan 2 milliard 423 million 520,0 ming so`m, T.B. 1 milliard 093 million 950,0 ming so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan.

Agentlik taqdim etgan o`rganish hujjatlariga ko`ra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (Moddiy madaniy meros ob`ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast etkazish) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar