Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida er resurslaridan oqilona foydalanish va er hisobini yuritish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, yig`ilish avvalida O`zbekistondagi 44 million 800 ming gektar er maydoni, 8 million 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagani qayd etildi.
Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qiladi.
Vaholanki, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4-5 barobar ko`p.
“Bunga erning bozor qiymatini ham qo`shsa, bilasizlarmi aholi va tadbirkorlarda qanchadan-qancha iqtisodiy aktiv bo`ladi”, - dedi Prezident.
Buning uchun, eng avvalo, er hisobini joy-joyiga qo`yish shart. Lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali o`ylab ham ko`rmagani, o`ziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etildi.
Oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami erlarning 90 foizi kadastrdan o`tkazildi.
Endi qolgan muammoli erlarni ham to`liq kadastr ro`yxatidan o`tkazish shartligi ko`rsatib o`tildi.
Qishloq xo`jaligi erlarida aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berildi.
Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to`liq yakuniga etkazish topshirildi.
Aerosuratlar asosida qishloq erlarini monitoring qilish tizimi yo`lga qo`yilishi belgilandi.






