AsosiyJamiyat

Prezident "O`zbekneftgaz"ga bordi

'Prezident "O`zbekneftgaz"ga bordi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 22 noyabr kuni “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida bo`lib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi.

Yil boshida kelgan anomal sovuqdan xulosa qilib, tizim salohiyati oshirildi. Avvalo, ichki imkoniyatlar to`la ishga solinib, tarmoqlar modernizasiya qilindi. Qolaversa, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Muassasa, korxona va turar joylardagi dolzarb masalalar o`rganilib, bartaraf etildi. Bu ishlar har bir mahallagacha etib bordi.

– Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion so`m berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo`lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas`uliyatni to`liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya etkazib berishni kafolatli ta`minlashi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Joriy yilning o`tgan davrida 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Respublika bo`yicha 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta`minlash maqsadida qo`shimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Erosti omborlarida etarlicha gaz zaxirasi jamlandi. 

Prezidentimiz sovuq kunlarda energiya resurslariga bo`lgan talabni kafolatli ta`minlash mutasaddilarning hisobotini eshitdi.

Energetika vaziri ajratilgan mablag` evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik iste`mol va uni ta`minlash mo`ljallari to`g`risida axborot berdi. 

Qayd etilganidek, energetika tizimi 1 dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o`tadi. Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Sharg`un konida 900 ming tonna ko`mir qazib chiqarish boshlanadi.

Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qo`yilgan.

Davlatimiz rahbari energiya manbalarini barqaror etkazib berish, shu bilan birga, to`lov intizomini ta`minlash muhimligini ta`kidladi. Noqonuniy ulanishlarga chek qo`yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Tadbirda “O`ztrangaz”, “Hududgazta`minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ham axborot berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar