Qotillik qurboniga aylangan o`zbek shou-biznesi vakillari

Shou-biznes 03.11.2016, 10:59
Teglar: Xonanda, Jazo, Shou-biznes, Jinoyat
Qotillik qurboniga aylangan o`zbek shou-biznesi vakillari

San`at ahli borki, oddiy odamlarga nisbatan badastir yashaydi. Ayniqsa, mashhur xonandalar, aktyor va boshlovchilarning egani oldida, emagani ortida. Ular boy-badavlat, to`kin-sochin istiqomat qiladilar. Boylikka ega bo`lmagan ko`pchilik odamlar esa boylik egalarini yomon ko`rishadi. Ularda hasad o`ti lovullab yonadi, nafslari jilov topmay qoladi. Natijada ayrimlar qotillikka qo`l uradilar. Biz quyida tilga olajak uch qotillik aynan nafsga mutelik tufayli sodir bo`lgan edi, deb yozadi jurnalist Anvar Namozov “Sayyod.com” saytida chop etilgan maqolasida

Laylo Alieva (1975 – 1998)

Bugungi yoshlar Laylo Alievani tanimasliklari mumkin. Ularga Rayhonu Shahzoda bo`lsa kifoya. Vaholanki, 18 yil muqaddam Laylo, hozirgi tilda aytganda “megayulduz” edi! Laylo Alieva 1975 yili Samarqandda tavallud topgan. Uning bolaligi Toshkentda o`tdi. Qizaloqning chiroyli ko`zlari go`dakligidan e`tiborni tortdi. Ikki yoshida “Moda” jurnalida rasmlari chiqdi. Dastlab poytaxtdagi 110-maktabda, keyin xoreografiya bilim yurtida tahsil olgan Laylo tengdoshlari orasida yaqqol ajralib turardi. “Semurg`” oromgohidagi “Go`zallik” tanlovida yuqori o`rinni olganida u 10 yoshda edi. Laylo ham qo`shiq kuylar, ham raqs tushardi. Keyinchalik televizor ekranida paydo bo`ldi. Bir nechta videokliplari chiqdi. Muxlislar orttirdi, san`at ahlining hurmatiga sazovor bo`ldi. Biroq aynan hamkasblari tomonidan vahshiylarcha o`ldirilishi Layloning etti uxlab tushiga ham kirmagan edi. Uning suratlari orasida bo`ynida tilla zanjir, barmoqlarida oltin uzuklar taqib tushgan rasmlari ham ko`p. Laylo bolaligidan taqinchoqlarga o`ch bo`lgan. Aytishlaricha, buvasi yirik zargar o`tgan. Buvisi ham bu hunardan boxabar edi. Layloning o`ldirilishiga ana shu tilla taqinchoqlar sabab bo`lgan. Mash`um kechada Laylo Alievaning eshigini o`sha paytda mashhur bo`lgan “Al-Vakil” guruhining ikki nafar yigiti taqillatdi. Laylo ularni tanigani uchun ham mehmon sifatida qabul qildi. Aks holda yarim kechada eshigini ochmagan bo`lardi. Biroz hol-ahvol so`rab o`tirishgach, ular kutilmaganda Layloga tashlanishdi. Ojiza ayol ikki erkakka qarshi nima ham qila olardi? Bu uning taqdiriga bitilgan so`nggi kecha bo`lib qoldi. Laylo Alieva qirq ikki joyidan pichoqlab o`ldirilgan. Qotillar uning barcha tilla taqinchoqlarini, hatto barmog`idan chiqishi qiyin bo`lgan uzugini sovun surkab sug`urib olishgan. Ular jazolandi, oliy jazoga hukm qilindi, biroq endi Layloni tiriltirib bo`lmasdi. U eng sara qo`shiqlari jamlanmasini “Sen – mening orzum” deb nomlagan. O`sha, 1998 yili Laylo 20 avgustdan 10 sentyabrgacha “Turkiston” saroyida konsert o`tkazish uchun shartnoma ham tuzib qo`ygan edi. Afsuski, yosh yulduzning 20 kunlik konserti o`tkazilmay qoldi. Laylo Alieva 23 yoshida vahshiylarcha o`ldirildi. Layloni dafn etishgach, bir oy o`tmay, otasi ham vafot etdi. U og`ir musibatni ko`tara olmadi. Laylo Alievadan yolg`iz o`g`li Jasurbek yodgor bo`lib qoldi.

Iskandar A`zamov (Skan Multi) (1978 – 2006)

Skan Multi taxallusi bilan tanilgan Iskandar A`zamov 1978 yilning 25 yanvarida tug`ilgan. U kinorejissyor, ssenariynavis, televizion tasvirchi va aktyor edi. 1996 yildan e`tiboran o`zbek televideniesida ishlay boshladi. “Kultpoxod”, “Avlod”, “Kompyuter-Aziya”, “Klipomet” ko`rsatuvlarini tashkil etishda qatnashdi. 1997 yildan boshlab vafotiga qadar 100 ga yaqin musiqiy videokliplarni suratga oldi. 2003 yili Moskvada, STS kanalida postanovkachi operator bo`lib ishladi (“Utro s Kirkorovm” va boshqalarda). Yodingizda bo`lsa, Skan Multining “Xo`ja Nasriddin: o`yin boshlanadi” nomli badiiy filmi rosa reklama qilingandi. Bosh rollarni Iskandarning o`zi va xonanda Sogdiana ijro etishgandi. O`shanda bu san`atkorlar o`rtasida ishqiy munosabatlar borligi haqida gap-so`zlar ham chiqqan. Mazkur ovozalar qanchalik rost yoki yolg`on, ammo Sogdiana fevral oyida Moskvaga uchib ketgani haqida ma`lumotlar bor. “Xo`ja Nasriddin: o`yin boshlanadi” – hech qaysi kinoasar yarim yil mobaynida reklama qilinmagan bo`lsa kerak. Rolikda filmdagi eng qiziq lavhalar berilgandi. Bu esa tomoshabinlarning qiziqishini yanada kuchaytirib yubordi. Biroq, xuddi Mo`min Oripov kabi Skan Multi ham o`z filmining premerasiga etib kela olmadi. 2006 yilning 23 iyun kuni u 28 yoshida o`zining uyida ikki nafar yigit tomonidan shafqatsizlarcha pichoqlab o`ldirildi. Skan Multi qotillar bilan shaxsan tanish bo`lgan. Ular Iskandar A`zamovning xizmatini ado etib yurgan mardikor yigitlar edi. Qotillarning Skan Multini o`ldirishdan muddaosi pul bo`lgan. Pichoq bilan berilgan zarbalar uning umriga yakun yasadi. Kompyuterda ishlab o`tirgan Skan Multi o`z hayotiga tajovuz qilishlarini kutmagan ham. Qotillar uning orqasiga va yuragiga bir necha marta pichoq urishgan. Jinoyatchilar yirik ko`lamdagi kinokomediyani suratga olgan rejissyorning uyida boylik ko`p deb o`ylashgandi. Bunday bo`lib chiqmadi. Qotillar ushlanib, tegishli jazolarini olishdi.   

Rahmatilla Mirzaev (1955 – 2015)
Rahmatilla Mirzaev 1954 yil 22 sentyabrda Toshkentning “Qashqar” mahallasida tug`ilgan. U bolaligida otasidan etim qoldi. O`rta maktabdan so`ng o`sha davrda Toshkent teatr va rassomchilik instituti deb ataluvchi, bugungi kunda Toshkent madaniyat va san`at institutining aktyorlik bo`limiga o`qishga kirib tahsil oldi. 1976 yili televidenieda o`tkazilgan diktorlar tanlovida ishtirok etib, yuzlab nomzodlar ichida g`oliblar qatorida ishga qabul qilindi. Shu-shu, faoliyati TVda o`tdi. “Axborot” va boshqa dasturlarni olib bordi. “Dildagi gaplar” ko`rsatuviga mualliflik qildi. U har qanday ko`rsatuv va dasturga professional darajada yondashardi. Ko`rkam qiyofasi, o`ktam ovozi tufayli ko`plab tomoshabinlar qalbidan joy egalladi. Bir diktor qilishi kerak bo`lgan hamma ishni muvaffaqiyatli uddaladi. U to`ylarda o`rtakashlik, konsertlarda konferanselik ham qildi. Uzoq yillar TVda faoliyat ko`rsatgan Rahmatilla Mirzaev 2014 yilning 22 sentyabrida o`zining 60 yoshini qarshiladi. U O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining oliy toifali, unvonli suxandoni edi. Rahmatilla Mirzaev rollar ijro etgan videofilmlar yaxshi ma`lum. U salbiy qahramonlarni ham qoyillatib o`ynagan. R.Mirzaev uch farzandning otasi va bir nevaraning bobosi edi. Aytishlaricha, Rahmatilla aka qanchalik mashhur bo`lmasin, nihoyatda kamtar, sodda bo`lgan. Ko`chada qiynalgan kampir yoki cholga ko`zi tushsa, mashinasini to`xtatib albatta olib ketgan. Kimnidir shifoxonaga yotqizishga to`g`ri kelsa, ko`maklashgan. Juda ko`plab insonlarga yaxshilik qilgan. Uylaridan odam arimasdi. Yana bir gap: Rahmatilla aka nihoyatda shoshib yurgan. Bir umr shunday bo`lgan. Doimiy ravishda shoshilgan odamlarning taqdiri esa... qandaydir ayanchli tugaydi deyishadi. Rahmatilla Mirzaevning oilasi ikkita edi (ikkinchisi – shar`iy). Birinchi oilasidan ikki nafar – Zarifa va Umidjon, ikkinchisidan bir farzand – Shodiya dunyoga keldi. Ammo umrining oxirlarida yakka o`zi yashagani haqida ma`lumotlar bor.

2015 yilning 1 mart kuni R.Mirzaev qizi Shodiya bilan G`ulomjon Yoqubovning konsertiga boradi. Konsertni tomosha qilishadi. O`sha kuni yakshanba edi. Konsertdan keyin qizini onasining yoniga yuborgan R.Mirzaev hovlisiga yo`l oladi. Ertasiga, 2 mart kuni erta tongda u o`z uyining erto`lasida pichoqlab o`ldirildi. 60 yoshli R.Mirzaev Zangiota tumanining Chuvalachi qishlog`ida istiqomat qiluvchi 21 yoshli K.Shoazizov tomonidan shafqatsizlarcha o`ldirildi.  

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

16.08.2021, 12:20

Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.Unga ko`ra, Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1