Joriy yilning 23 noyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Unda Senatning qirq ettinchi yalpi majlisini 2023 yil 24 noyabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o`tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Konstitusiyaviy Qonun, “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to`g`risida”, “Davlat mulkini xususiylashtirish to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida” hamda “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuniga o`zgartirish
va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, navbatdagi yalpi majlisda “O`zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirishlar va qo`shimcha kiritish to`g`risida” qonunlarni ham ko`rib chiqish rejalashtirilgan.
Kengash majlisida O`zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o`rtasida bir qator masalalarni o`zida aks etgan shartnomalarni ratifikasiya qilish haqidagi va “O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi Shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunlar, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o`zgartirish kiritish va Senat Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalalari ham yalpi majlis kun tartibidan o`rin olgani aytib o`tildi.






