Qozog`istonning Olmaota shahrida tanasini sotib pul ishlayotgan O`zbekiston va qirg`izistonlik ayollar qo`lga olindi. Bu haqda shahar Polisiya departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Olmaota shahrida o`tkazilgan tezkor profilaktika tadbiri doirasida shahardagi mehmonxonalardan birida 11 nafar ayolning fohishalik qilayotgani aniqlangan. Tekshiruvlar natijasida ularning to`rt nafari O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolari bo`lgan.
“Ular 1997, 2000 va 2003 yillarda tug`ilgan. Huquqbuzarlar Qozog`iston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi qonunining 29-moddasiga asosan Olatov tumani ichki ishlar bo`limiga olib ketildi”, deyiladi xabarda.
Mehmonxonada qo`lga olingan yana olti nafar ayol mamlakat Jinoyat kodeksining 449-moddasi (jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash tamoyillarini buzish) 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, majmua egasi Jinoyat kodeksining 450-moddasi (mansabni suiiste`mol qilish) 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.