AsosiyJamiyat

O`zbekistonda mashina uchun ishonchnomani elektron rasmiylashtirish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatiladi

'O`zbekistonda mashina uchun ishonchnomani elektron rasmiylashtirish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatiladi'ning rasmi

Hukumat qarori bilan “Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Unga ko`ra, avtomototransport vositasiga ishonchnoma ariza beruvchi tomonidan YaIDXP (my.gov.uz)dan foydalangan holda, o`zining va ishonchnoma berilayotgan shaxs(lar)ning biometrik pasporti yoki identifikasiyalovchi ID-kartasi hamda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami ma`lumotlarini kiritish orqali mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi.

Davlat xizmati “Notarius” AATdan foydalangan holda YaIDXP (my.gov.uz) orqali ko`rsatiladi. Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga ko`ra 1 oy, 6 oy va 3 yil muddatgacha beriladi. Ariza beruvchi so`rovnomada ko`rsatilgan avtomototransport vositasining mulkdori bo`lmasa, ishonchnoma rasmiylashtirilmaydi. Ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov o`rnatilmaydi.

Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, “Davlat boji to`g`risida”gi qonunida ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

  1 oygacha bo`lgan muddatga – 10 foiz;

  1 oydan ortiq va 6 oygacha bo`lgan muddatga – 50 foiz; 

  6 oydan ortiq va 3 yilgacha bo`lgan muddatga – 100 foiz.

Elektron shaklda QR-kod qo`yilgan holda rasmiylashtirilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan bir xil yuridik kuchga egadir. Ishonchnoma quyidagi holatlarda bekor qilingan hisoblanadi:

  ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda;

  ishonchnomani bergan shaxs tomonidan bekor qilinganda;

  ishonchnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan so`ng ishonchnomani bergan shaxs muomalaga layoqasiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo`qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

  ishonchnoma berilgan shaxs(lar) muomalaga layoqasiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo`qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

  avtomototransport vositasining mulkdori o`zgarganda.

    Boshqa yangiliklar