AsosiyJamiyat

Toshkentda mamlakat rivojlanishida imkoniyati cheklanganlarning ishtirokini oshirishga qaratilgan xalqaro konferensiya o`tkazilmoqda

'Toshkentda mamlakat rivojlanishida imkoniyati cheklanganlarning ishtirokini oshirishga qaratilgan xalqaro konferensiya o`tkazilmoqda'ning rasmi

Bugun, 24 noyabr kuni Toshkentda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslarning ishtirokini kengaytirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tmoqda.

Mazkur xalqaro konferensiya O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, BMT agentliklari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O`zbekistondagi vakolatxonasi (GIZ) bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda.

Xalqaro konferensiyaning bosh maqsadi:

– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi asosida ishlab chiqilgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyatining ishtirokini kengaytirish to`g`risida”gi rezolyusiya loyihasini;

– O`zbekistonni 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslarning ishtirokini kengaytirish masalalarini muhokama qilish.

Qayd etilishicha, mazkur konferensiya mamlakatimizda O`zbekiston parlamentining ikki palatasi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida tashkil etilgan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida, xususan: barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo`yicha O`zbekiston va boshqa mamlakatlar tajribasi, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yaqin kelajakda amalga oshirilishi lozim bo`lgan qator dolzarb vazifalar muhokama qilinmoqda.

Zero, xalqaro tajriba shuni ko`rsatadiki, davlat va nodavlat tashkilotlarining yaqin hamkorligi Global barqaror rivojlanish 2030 maqsadlari kun tartibiga erishishda muvaffaqiyat garovidir.

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi yakunlariga ko`ra, Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik” II Xalqaro global forumi o`tkaziladi.

O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev ta`kidlaganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari “uchta ustun” – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta`minlash tamoyillariga asoslangan. Ular mamlakatimizni rivojlantirishning uchta kompleks strategik dasturlari:

• 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi;

• 2022-2026 yillarda Yangi O`zbekistonni rivojlantirish strategiyasi;

• “O`zbekiston-2030” strategiyasida o`z ifodasini topgan.

Masalan, “O`zbekiston-2030” strategiyasining beshta yo`nalishi nafaqat BMTning 2030 yilgacha bo`lgan kun tartibiga mos keladi, balki O`zbekistonning barqaror rivojlanish bo`yicha 16 ta milliy maqsad va vazifalarini ham to`liq qamrab oladi.

Qayd etish lozimki, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham 2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvida mamlakatni isloh qilish bo`yicha yangi strategiyaga kiritilgan maqsad va vazifalarning ko`lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to`liq hamohangligini qayd etdi. Shuningdek, BMTning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjat – “O`zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda yordam berishga tayyor, ekanini ta`kidladi. 

Mazkur xalqaro konferensiya O`zbekiston va BMT o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlanishi, shuningdek, BRMlarining butun dunyo uchun dolzarbligi oshayotgani sharoitida o`tkazilmoqda.

Xususan, xalqaro anjuman ishtirokchilari, so`nggi 7 yil ichida:

birinchidan, bugungi kunda O`zbekiston bilan BMT o`rtasidagi hamkorlik doirasida 140 ga yaqin qo`shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani;

ikkinchidan, O`zbekiston BMTning qator nufuzli tuzilmalariga a`zo etib saylangani va ular faoliyatida faol ishtirok etayotganini alohida ta`kidlandi. 

Jumladan, O`zbekiston tomonidan BMT Inson huquqlari kengashi a`zosi sifatida inson huquq va erkinliklarini ta`minlash bo`yicha global, mintaqaviy va milliy miqyosda 30dan ortiq tashabbuslari ilgari surildi.

Qayd etish lozimki, xalqaro hamjamiyat O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta rezolyusiyasi qabul qilinganligi alohida e`tirof etildi.

Xalqaro konferensiya davomida ekspertlar mamlakatimizda mazkur jarayonlarda imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyat hayotidagi ishtiroki bo`yicha alohida to`xtalib o`tdilar. 

Yurtimizda nogironligi bo`lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, ularni nogironlik belgisiga ko`ra kamsitishga yo`l qo`ymaslik, jumladan, nogironligi bo`lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o`z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilinishini ta`minlash borasida 600ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot ishtirok etmoqda. 

Mazkur NNT vakillari BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasini to`la-to`kis bajaralishini kuzatib borish hamda amalga oshirish borasidagi sa`y-harakatlarini ham e`tirof etish lozim.

Bu jarayon, ayniqsa, BMTning inson huquqlarini to`laqonli ta`minlash borasidagi konvensiyalarini nafaqat ratifikasiya qilish, ayni chog`da, uning ijrosini ta`minlash jarayonlariga ham davlat tuzilmalari bilan bir qatorda NNTlari keng jalb etilayotganini kuzatish mumkin.

Xalqaro konferensiyada ham soha vakillari tomonidan O`zbekistonning milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari va ularni amalga oshirilishini nazorat qilish, fuqarolar va davlat organlari hamda mamlakatning boshqa tashkilotlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo`lga qo`yish hamda ushbu masala doimo diqqat markazida bo`lishi ta`kidlab o`tildi.

    Boshqa yangiliklar