Bugun, 24 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining to`rtinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaga O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) Uyg`un G`ofurov Ilmiy kengashning “Faxriy doktor” ilmiy unvonini topshirdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo`yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov ushbu yuksak e`tirof Poshozodaning qardosh xalqlar munosabatlarini rivojlantirish, Islom dini ma`rifatini keng yoyish, mo`min-musulmonlar hamjihatligini mustahkamlash hamda ilmiy-ijodiy faoliyatlaridagi samarali mehnatlarining natijasi ekanligini ta`kidlagan.
Shayxulislom ushbu unvon katta mas`uliyat ekanligi, unga munosib bo`lish uchun kuch-g`ayrat va salohiyatini sarflashini ma`lum qildi.






