AsosiyJamiyat

Senat Qozog`iston bilan ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi Shartnomani  ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma`qulladi

'Senat Qozog`iston bilan ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi Shartnomani  ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma`qulladi'ning rasmi

2023 yil 25 noyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Muhokama chog`ida senatorlar O`zbekiston va Qozog`iston eng yaqin qo`shnilar hamda vaqt sinovidan o`tgan strategik hamkorlar ekanini alohida ta`kidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o`rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migrasiya, sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Senatorlar Shartnomaning ratifikasiya qilinishi ikki xalqning ma`naviy-madaniy yaqinligini qo`llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta`lim va sport sohasidagi o`zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to`g`risidagi Nizom keltirilgani alohida ta`kidlandi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar