Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida 14 yoshli qiz etti oy davomida majburan saqlanib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelingani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, ishchi guruh tuzilib, tezkor o`rganishlar olib borilgan. Aniqlanishicha, voyaga etmagan T.Ch. Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi otasi G`.J.ning qaramog`ida ekanligi, onasi X.S. 2023 yil yanvar oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan va bugungi kungacha yashash manziliga qaytib kelmagan.
Voyaga etmagan T.Ch.ning tog`asi X.M. tomonidan qilingan murojaatga asosan, 2023 yilning may oyidan Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro N.A. o`zining uyida 7 oy davomida majburan saqlab kelib, zo`rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagani yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlariga kirishilgan.
“Voyaga etmagan T.Ch.ning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash hamda mazkur holatning kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish choralari yuzasidan "Ijtimoiy ish" ochilgan. Holat yuzasidan kompleks o`rganishlar davom ettirilayotganligini ma`lum qilamiz”, - deyiladi xabarda.
Ma`lumot o`rnida, Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan JKning 135-moddasi (odam savdosi, voyaga etmagan shaxsga nisbatan) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






