"Yalpiz" restoranining faoliyati to`xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, poytaxtning Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko`chasi 59-uyda istiqomat qiluvchi aholidan Toshkent shahar hokimligiga murojaat kelib tushgan. Unga ko`ra, ko`p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan "Yalpiz" restorani o`z faoliyati bilan shu uy aholisiga qator noqulayliklar keltirishi aytilgan.
Xususan, restoranning uy hovlisida joylashgan xo`jalik qurilmasida restoran rahbariyati tomonidan oshxona tashkil qilinib, restoran dudbo`ronlari, kondisionerlar qatorida taomlarni tayyorlash uchun issiqlik uskunalari, shu jumladan mangal o`rnatilgani, mangal ko`mirda yoqilishi va bu ko`p qavatli uy uchun yong`in xavfini keltirib chiqarishi vaj qilingan.
Shuningdek, bevosita aholi derazalariga yaqin joylashgan dudbo`ronlardan chiqayotgan shovqin va qovurilgan taomlarning hidi, aholi uchun katta noqulaylik tug`dirishi aytilgan. Bundan tashqari, restoran xodimlari tomonidan uy hovlisida chiqindilar tashlab ketilishi keltirilgan.
Ushbu holat Toshkent shahar hokimligining nazoratiga olindi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasining Toshkent shahar boshqarmasi yordamida tegishli o`rganish va tekshiruvlar olib borildi.
Natijada, 25 noyabr kuni umumiy ovqatlanish maskanining rahbariyati tomonidan faoliyatda qator kamchiliklarga yo`l qo`yilgani aniqlanib, ularni belgilangan muddat ichida bartaraf etish majburiyati yuklandi. Shu jumladan, Shota Rustaveli ko`chasi, 59-uy hovlisida joylashgan uskunalarni boshqa, aholiga noqulaylik tug`dirmaydigan joyga ko`chirish belgilandi va restoranning faoliyati kamchiliklar bartaraf etilishiga qadar to`xtatildi.
“Shu o`rinda, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan, davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlardan vijdonan foydalanishni, o`z ishlarida avvalo qonunchilik talablariga rioya qilishni, faoliyatlari bilan aholiga noqulaylik keltirmaslikka harakat qilishni so`rab qolamiz. Hozirda faoliyatingizda shu kabi kamchiliklar va qonunchilikdan og`ishlar bo`lsa, ularni tekshiruv kelganidan keyin emas, o`z vaqtida, mustaqil bartaraf etishni tavsiya qilamiz”, - deyiladi xabarda.