O`zbekistonda maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o`zlarini “davlat yong`in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan “yillik to`lov” qabilida majburiy va noqonuniy tarzda pul yig`ish holatlari uchramoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma`lum qildi.
Vazirlik axborotiga ko`ra, aholidan noqonuniy tarzda pul yig`ayotgan shaxslarning vazirlik faoliyatiga hech qanday aloqasi yo`q.
“Yong`inning oldini olish bilan bog`liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig`imlari yoki boshqa turdagi to`lovlar undirilmaydi”, — deyiladi FVV munosabatida.
Ma`lum qilinishicha, hozir mamlakatda favqulodda vaziyatlar va yong`inlarning oldini olish sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko`rsatish vazifalari belgilangan.
FVV aholidan xonadonlarga kelib, o`zini vazirlik quyi tizimlariga o`xshash nomdagi tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirgan odamlardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab etishni so`ragan. Shuningdek, bunday shaxslarning faoliyat turi, qanday xizmatlar ko`rsatishiga aniqlik kiritish tavsiya etilgan.