AsosiyJamiyat

Mavsumiy kasalliklar sabab o`quv muassasalarida ta`lim jarayonini to`xtatishga asos yo`q — Nurmat Atabekov

'Mavsumiy kasalliklar sabab o`quv muassasalarida ta`lim jarayonini to`xtatishga asos yo`q — Nurmat Atabekov'ning rasmi

Hozirda aksariyat mamlakatlar qatori yurtimizda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi ko`paygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz og`ir kechmoqda. 

Xo`sh, O`zbekistonda o`tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat qanday?

SSV Matbuot xizmati ushbu savol bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi raisi birinchi o`rinbosari Nurmat Atabekovga murojaat qildi:


​​​​​​— Gap shundaki, biz o`tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak, — deydi mutaxassis. 

Kasallik tarqalishida uch muhim bo`g`in bor: kasallik manbai, yuqish yo`li, yuqtirishga moyil organizm.

Agar kasallangan bolalarni maktabga, bog`chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.

 Har birimiz o`tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz. 

Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari bo`lgan farzandlarini bog`cha va maktablarga, oliy ta`lim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor ko`rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq.

 Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o`rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

Aholi orasida gripp mavsumi haqida "bu — yangi pandemiya" degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas. 
 O`tkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida ko`proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo`sag`aga etganiga asos bo`la olmaydi.

Shu sababdan ham o`quv muassasalarida ta`lim jarayonini to`xtatishga etarli asos ko`rmayapmiz.

 Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish! 

 Bemorlar muloqot chog`ida doim tibbiy niqobda bo`lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigienaga qat`iy amal qilishlari shart. 
Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak!  Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning etarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud.

    Boshqa yangiliklar