Qashqadaryo viloyati hokimi sog`liqni saqlash va farmasevtika tizimi xodimlari bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati xabar berdi. Unda soha rivoji va yo`l qo`yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilingan.
Murotjon Azimovning ta`kidlashicha, viloyat tibbiyot muassalarini saqlash xarajatlari uchun 2 trln. so`m yoki 2016 yilga nisbatan 4 baravar ko`p mablag` ajratilgan (qurilish-ta`mirlashdan tashqari). Ko`p yillardan beri qurilishi to`xtab qolgan Koson va Nishon tibbiyot birlashmalari zamonaviy ko`rinishga keltirilib, foydalanishga topshirildi.
- Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo`nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda, - deydi viloyat rahbari. - Ayniqsa, “Ona va bola markazi” binosi barpo etilganini viloyatimiz ahli uchun munosib sovg`a bo`ldi, desak adashmaymiz. Lekin, faoliyatimizni tanqidiy-tahliliy ko`rib chiqmasak, ajratilgan mablag`lar, yaratilgan shart-sharoitlar amalda o`zini to`liq oqlamoqdami, viloyatimiz xalqi tibbiyot tizimidan haqiqatda rozimi, degan savollarga javob topa olmaymiz.
Uchrashuv davomida mas`ullarning hisobotlari, shifokorlarning takliflari tinglandi. O`rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar bo`yicha bir qator mas`ullar vazifasidan ozod etildi. Ishga kiritib qo`yish yoki Davlatimiz tomonidan ajratilgan mablag`larni talon-taroj bo`yicha aniqlangan korrupsion holatlarga tegishli organlar tomonidan surishtiruvlar olib borilayotgani ta`kidlandi.






