Mustaqil mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganining 31 yilligi har yilgidan ko`ra o`zgacha shukuh bilan nishonlanishi tabiiydir. Zero, joriy yilda tubdan yangilangan Asosiy qonun umumxalq referendumi natijasida qabul qilindi va milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha ustuvor qoidalari to`g`ridan-to`g`ri qo`llanadigan mukammal Konstitusiyaga ega bo`ldik.
Qayd etish o`rinliki, konstitusiyaviy islohot har qanday davlatdan qat`iy siyosiy iroda, jasorat va eng muhimi, etilgan sharoitni taqozo etadi.
Konstitusiyani, qolaversa, uning bironta qoidasini zamon va makonning xususiyati talablariga zid ravishda o`zgartirib bo`lmaydi.
O`zbekistonda esa, Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida keyingi 7 yilda amalga oshirilgan tarixiy o`zgarishlar Asosiy qonunimizni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Bu davrda islohotlar shu qadar keng ko`lam va shiddat kasb etdiki, Konstitusiya va qonunlardan iborat huquqiy makon ularning zalvorli yukini ko`tarolmay qoldi.
Shu bois, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Konstitusiyani tubdan isloh qilish tashabbusi ilgari surildi.
Umumxalq referendumida xalqimiz Konstitusiyamiz loyihasiga ovoz berish barobarida Yangi O`zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijalariga ham o`zining haqqoniy bahosini berdi.
Zotan, ovoz berishda ishtirok etgan qariyb 17 million nafar yurtdoshimizning 90 foizdan ziyodi referendumga qo`yilgan savolga ijobiy javob berdi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli ekspertlar Davlatimiz rahbarini va u kishining timsollarida butun xalqimizni tarixiy tadbirning yuksak darajada o`tgani bilan qutladi.
Bularning barchasi Yangi O`zbekistonni barpo etish yo`li naqadar to`g`ri tanlangani, taraqqiyotning yangi bosqichi tarixiy ahamiyatga molikligidan dalolatdir.
O`z navbatida, Konstitusiyani isloh qilish davlatimizning el-yurt saodati yo`lidagi oliy maqsadlari sari qo`yilgan navbatdagi ulkan qadamidir va yangilangan Asosiy qonunimizning kuchga kirgani barchamizning zimmamizga favqulodda yuksak mas`uliyat yukladi.
Bu hujjatning ustuvor qoidalari asosida tamomila yangicha qiyofa va mohiyat kasb etib borayotgan jamiyatda, ulug`vor maqsadlar ko`zlanayotgan sharoitda kechagi dunyoqarash, yondashuv va munosabat bilan yashab, ishlab bo`lmasligini yanada chuqur his qilmoqdamiz.
Davlatimiz rahbarining yangilangan Konstitusiyani amalga oshirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga oid 2023 yil 8 maydagi 67-sonli Farmonida belgilangan, umuman olganda, ushbu Konstitusiyaning o`zi ham taqozo etadigan vazifalar ijrosiga shu nuqtai nazardan yondashmoqdamiz.
Jumladan, Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining uchinchi yo`nalishi – huquqiy davlat prinsipi asosida inson qadrini ulug`lash siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga chiqarish, uning huquq va erkinliklari ustuvorligini ta`minlash bo`yicha amaliy ishlar boshlandi.
Bunda asosiy e`tibor Konstitusiya normalarining to`g`ridan-to`g`ri va so`zsiz qo`llanilishiga qaratilmoqda.
Zotan, qayd etilgan dasturda ko`zda tutilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqib, amalga kiritish uchun muayyan vaqt talab etilar edi. Konstitusiya normalari esa, joriy yil 1 maydan kuchga kirdi.
Binobarin, insonning huquq va erkinliklari ustuvorligini ta`minlash bo`yicha yangi normalarni amaliyotda bevosita o`sha kunning o`zidan boshlab qo`llashga to`g`ri keldi.
Xususan, Konstitusiya hamda dasturga muvofiq uy-joyda tintuv o`tkazish, shaxsning telefon so`zlashuvlari va boshqa telekommunikasiya qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotlarni olish faqat qonunga muvofiq
va sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilandi.
Bosh prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish va sud organlari vakillari ishtirokida ushbu muhum qoidalarning mazmun va mohiyatini tushuntirishga, avvalambor, uni qo`llashda Konstitusiyaviy tamoyillarga so`zsiz rioya etilishini ta`minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
O`zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Konstitusiya normalarining mazmun-mohiyatini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tushuntirish bo`yicha o`quv kursi moduli doirasida vazirlik va idoralarning qariyb 2 500 nafardan ortiq xodimlari o`qitilishi tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlarning muntazam ravishda o`tkazilishi yo`lga qo`yildi.
Konstitusiya normalarini to`g`ridan-to`g`ri, so`zsiz va samarali qo`llashda Oliy sud Plenumining joriy yil 23 iyun kuni qabul qilingan “Odil sudlovni amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi normalarini to`g`ridan-to`g`ri qo`llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori muhim ahamiyatga ega bo`lmoqda.
Zotan, Bosh prokuratura hamda boshqa tuzilmalar takliflari asosida ishlab chiqilgan mazkur qarordagi tushuntirishlar nafaqat sudlar, balki huquq-tartibot, nazorat organlari, vazirlik va idoralar, umuman olganda, barcha huquqni qo`llovchilar tomonidan Konstitusiya normalarini qo`llash jarayonida inson huquqlari, erkinliklari, davlat hamda jamiyat manfaatlarini ta`minlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, Konstitusiya qoidalaridan kelib chiqib, inson huquq va erkinliklarini so`zsiz ta`minlashga xizmat qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ularni byurokratik to`siqlarsiz, tezkor ravishda muhokamalardan o`tkazishga e`tibor qaratilmoqda.
Jumladan, ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi qonun loyihasi parlament muhokamasiga kiritish uchun tayyor holga keltirildi. Ushbu loyiha 5 ta qonun va 2 ta kodeksni takomillashtirishni nazarda tutadi.
Shuni alohida ta`kidlash o`rinliki, barcha soha va tarmoqlar qatori prokuratura organlari faoliyatining ham yangilangan Konstitusiya asosida takomillashayotgani qisqa muddatda o`z samaralarini bera boshladi. Bunda joriy yilning 15 iyul kuni Bosh prokuratura hay`atining kengaytirilgan majlisida prokuratura organlarining yangi tahrirdagi Konstitusiyadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarini belgilab olganimiz, faoliyatning har bir yo`nalishida tezkor ravishda bajarilishi zarur bo`lgan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq ko`rsatmalar berilgani, ularning ijrosi yuzasidan kundalik nazorat o`rnatilgani muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Buni birgina inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini amalda ta`minlash, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, qonunlar ijrosini so`zsiz ro`yobga chiqarish borasidagi ishlar natijalarini aks ettiruvchi ko`rsatkichlar, ularning ijobiy tomonga keskin o`zgarganida ham ko`rish mumkin.
Jumladan, prokuratura organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 28 mingta tekshirish o`tkazilib, natijasi bo`yicha jami 134 mingtaga yaqin prokuror nazorati hujjati qo`llanildi. Eng muhimi, 321 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga etkazilgan 2,3 trln. so`mlik zararning undirilishi ta`minlandi.
Voyaga etmaganlarning huquqiy himoyasini ta`minlash va ma`naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish ishlari ham yangi bosqichga ko`tarildi. Shu maqsadda 9 mingga yaqin targ`ibot tadbirlari o`tkazildi, qayd etilgan yo`nalishda qonunbuzarliklarga yo`l qo`ygan 13,2 ming nafardan ziyod shaxs javobgarlikka tortildi, 5,2 mlrd. so`m zarar ixtiyoriy undirildi.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasidagi faoliyat ham takomillashib bormoqda. Bu boradagi dolzarb muammolar va echimtalab masalalarni o`z vaqtida hal etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 380 dan ziyod muvofiqlashtiruvchi kengashlari o`tkazildi.
Shu o`rinda jinoyatchilik, jumladan korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yangicha va samarali mexanizmlar joriy etilayotganini qayd etish joiz.
Birgina misol: har bir soha, tarmoq, vazirlik yoki idora tizimida korrupsiyaga sharoit yaratayotgan sabablar, omillar va boshqa jihatlar ana shu vazirlik va idoraning o`zida mutasaddilar ishtirokida batafsil muhokama qilinmoqda, mavjud muammolar, kamchiliklar va bularga yo`l qo`yganlarning faoliyatiga xolis baho berilmoqda. Bunday amaliyot bir tomondan jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta`minlashga, boshqa jihatdan esa, jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Sudlarda jinoiy, fuqarolik, ma`muriy va iqtisodiy ishlar ko`rilishida fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, sudlarda qariyb 80 mingta ishning ko`rilishida prokuror ishtiroki ta`minlandi.
Fuqarolarning murojaatlarida ko`tarilgan masalalarni hal etish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilning 10 oyida kelib tushgan jami 388 mingdan ziyod murojaatning 215 mingtasi bevosita prokuratura organlarida ko`rib chiqilib, 287 ming nafar fuqaro qabul qilindi.
Natijada 41 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 91 mingga yaqin murojaatda ko`tarilgan masalalarni ham hal etish choralari ko`rildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Konstitusiya normalarini qo`llashga qaratilgan amaliy sa`y-harakatlar ko`p vaqtdan buyon dolzarb bo`lib turgan va aholini tashvishga solayotgan muammolar echimini topishda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammolar bartaraf etilishiga erishildi.
Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi
va issiqlik tarmoqlari barpo etildi, gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi, ko`p xonadonli uylar va ularning muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari ta`mirlandi.
Ko`mir mahsulotlarini joylarga barqaror etkazib berishni ta`minlash maqsadida Bosh prokuraturada Respublika shtabi
va prokurorlar ishtirokidagi hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ko`mirni talon-toroj qilishning oldini olish maqsadida hududiy ombor va mavsumiy shoxobchalarga prokuratura va boshqa tuzilmalar vakillari biriktirildi.
Talon-toroj ehtimoli mavjud bo`lgan temir yo`l bekatlari aniqlanib, ko`mirning iste`molchilarga xavfsiz va to`liq etkazib berilishini ta`minlash uchun mazkur bekatlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mas`ul etib belgilandi va patrul avtomashinalari ajratildi.
Natijada bugungi kunda barcha iste`molchilarga ko`mirni o`z vaqtida va etarli hajmda etkazish imkoniyati yaratildi.
Qurilish sohasida qonuniylikni ta`minlash borasidagi ishlar ham yangicha talablar asosida takomillashtirilmoqda.
Prokuratura organlarida joriy etilgan “Byudjet nazorati” elektron dasturini Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining tegishli tizimlari bilan integrasiya qilish orqali barcha ob`ektlarning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab, u foydalanishga topshirilgunga qadar bo`lgan jarayonlar bo`yicha “tuman – viloyat – respublika” darajasida onlayn monitoring yo`lga qo`yildi.
Internetda ochilgan maxsus kanal va shtablarda ishga tushirilgan “ochiq telefon” orqali keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi.
Tizimli kamchiliklar omillarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan noxolis baholash mezonlari bekor qilindi, 46 mingdan ziyod pudratchi tashkilot qayta saralanib, ularning zarur salohiyatga ega bo`lmagan 29 mingtasi reyting ro`yxatidan chiqarildi. Pudratchini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki ilk marotaba to`liq bekor qilindi.
Ilgari jamoatchilik uchun yopiq bo`lgan va noroziliklar keltirib chiqargan loyiha hamda pudrat tashkilotlarining reyting ballari va ularni shakllantirgan ko`rsatkichlar oshkora yuritila boshlandi.
Natijada birgina joriy yilgi davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarda qimmat va asossiz hisoblangan 2 trln. 566,6 mlrd. so`mlik qiymat maqbullashtirilib, byudjet mablag`larining asossiz sarflanishining oldi olindi, 22,2 mlrd. so`mlik sifatsiz ishlar va 15,3 mlrd. so`mlik qo`shib yozish holatlari joyida bartaraf etildi.
Ma`lumki, global iqlim o`zgarishlari, havo sifatining pasayishi va Orol dengizining qurishi bilan bog`liq vaziyatning keskin tus olishi sababli ekologik masalalar Asosiy qonunimizdan keng o`rin oldi.
Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 31 maydagi Farmoniga asosan prokuratura organlarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o`rmon xo`jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas`ul bo`lgan tarmog`i tashkil etildi.
Yurtni obod qilish niyati bilan yashash, bu niyat ro`yobi yo`lida borini berish xalqimizning azaliy hayot tarzi, ezgu qadriyatidir. Bu qadriyatning taraqqiyotimiz yangi bosqichida yangi to`lqin, yangi kuch va xayrli maqsad bilan qayta tiklangani Yangi O`zbekistonni barpo etishdek oliy maqsadimizga mosdir.
Binobarin, prokuratura organlari ham savobli va ayni paytda har jihatdan foydali bo`lgan bu ishlardan chetda turmaydi, albatta.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi doimiy nazoratimizdadir. Jumladan, daraxtlar kesilishiga e`lon qilingan moratoriy talablariga rioya qilinishini qat`iy nazorat qilayapmiz.
Ekologiya bilan bog`liq masalalarni hal qilishda aholi, davlat va nodavlat tuzilmalarga, keng jamoatchilikka amaliy yordam ko`rsatayapmiz. Biroq, eng muhimi, bu kabi loyihalar, tashabbuslar ijrosiga bevosita hissa qo`shish ham ustuvor vazifamizdir.
Shu bois, birgina joriy kuz mavsumida 550 ming tup darxatni bevosita prokurorlar tomonidan ekishni rejalashtirdik va shu kunga qadar 456 ming tupdan ziyod daraxt ekildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida “Prokuror bog`lari” barpo etilmoqda...
Prokurorlar rahbarlik qiladigan 2-sektorlarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ehtiyojmandlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ishsizlarning bandligini ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy va boshqa ob`ektlardagi muammolarni bartaraf etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi ko`plab yo`nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, prokurorlar sektorlaridagi tegishli daftarlarga kiritilgan 163 300 ta ehtiyojmand oilaga, 321 ming 400 nafar fuqaroga zarur amaliy yordamlar ko`rsatildi.
177 ming nafardan ziyod ehtiyojmand oilaning ishsiz a`zolari bandligi ta`minlandi, 8 ming nafardan ziyod yoshlar istiqbolli ish o`rinlariga doimiy ishga joylashtirildi, 2,2 ming nafarga yaqin yoshlarga kredit, 5, 6 ming nafariga qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanishi uchun er, 12 ming nafariga subsidiya ajratilishida ko`mak berildi.
Bundan tashqari, 86 ming nafardan ziyod xotin-qizning bandligi ta`minlandi, 13,6 ming nafardan ortig`i kasb-hunarga o`rgatildi, ular tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 10 605 nafariga qariyb 100 milliard so`mlik kredit ajratilishiga amaliy yordam ko`rsatildi.
Prokurorlar tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ahvoli haqida axborotlar muntazam kiritilmoqda. Aholi va ijrochilarga yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati etkzilmoqda, ushbu yo`nalishda olim va ekspertlar, vakillik organlari, mahalla faollari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 31 maydagi Qarori bilan Prokuratura organlarida ma`naviy-ma`rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi qabul qilindi va shu tariqa tizimimizda ma`naviy-ma`rifiy ishlar yangi bosqichga ko`tarildi.
Ayniqsa, inson qadrini ulug`lash, Vatanimiz ozodligi yo`lida jon fido etgan tizim xodimlarining hayoti va faoliyati haqidagi haqqoniy ma`lumotlarni yosh avlodga etkazish orqali ularda el-yurtga sadoqat tuyg`usini shakllantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Afsuski, sho`rolar qatag`onlarining dahshatli davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham ko`plab musibatlarga duchor bo`ldi.
Ori va nomusini har narsadan ustun qo`yib, nohaqliklarga
qarshi borgan, qat`iyat ko`rsatgan, chin ma`noda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafariga jinoyat ishi qo`zg`atilgan, 30 nafari esa otib tashlangan. Bu ma`lumotlar faqat qisqa muddatda aniqlanganidir.
Nohaqlik azoblarini tortgan tizimimiz xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, ularning jasoratini yosh avlodga etkazish bo`yicha bugun aniq ishlarni boshladik.
Xususan, joriy yil 11 sentyabrda qabul qilingan farmoyish bilan qatag`on qurboni bo`lgan prokuratura xodimlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi”, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha Bosh prokuror o`rinbosari rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruhga prokuratura xodimlaridan tashqari, turli ilmiy muassasalar, muzeylar va boshqa tuzilmalar vakillari kiritilgani muhim ahamiyatga ega...
Xulosa sifatida qayd etish joizki, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga so`zsiz rioya etilishini ta`minlash, Konstitusiya va qonunlarni muhofazalashdek sharafli vazifalarni zimmasiga olgan prokurorlarning mas`uliyati endi har qachongidan ham kuchaydi.
Ta`bir joiz bo`lsa, yangilangan Konstitusiyaning amalga kiritilishi bilan prokuratura organlari ham yangi va mas`uliyatli davrga qadam qo`ydi.
Davlatimiz rahbarining e`tibor va tashabbuslari samarasi o`laroq, har jihatdan takomillashib borayotgan tizimimiz bu davr oldimizga qo`yayotgan ustuvor vazifalarni sharaf bilan ado etish uchun barcha imkoniyatlarga egadir.
Nig`matilla YO`LDOShEV,
O`zbekiston Respublikasi
Bosh prokurori






