1

Bo`kada tergovdagi fuqaroning o`limiga sababchi bo`lgan 4 nafar IIB xodimi qamaldi

Jinoyat 06.12.2023, 12:53
Bo`kada tergovdagi fuqaroning o`limiga sababchi bo`lgan 4 nafar IIB xodimi qamaldi

Avvalroq, Toshkent viloyati  Bo`ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan fuqaro vafot etgani xabar qilingan edi. 2023 yil 1 dekabr kuni  chiqarilgan sud hukmi bilan fuqaro o`limiga sababchi bo`lgan 4 nafar IIB xodimi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar qildi. 

Sud ishi materiallariga ko`ra, Yuqori Chirchiq tumanida yashagan, 1987 yilda tug`ilgan fuqaro bir qator o`g`rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib,  2023 yilning 3 iyun kuni prosessual tartibda ushlangan hamda Bo`ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan. Shu kuni soat 23:30da gumonlanuvchining sog`lig`i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00 da gumonlanuvchi Bo`ka tumani Jinoyat qidiruv bo`limining tezkor xodimlari tomonidan prosessual tartib buzilgan tarzda xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo`yicha surishtiruv o`tkazilgan. Shu erda fuqaroning sog`lig`i yomonlashib, keyinchalik o`limi yuz bergan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko`ra fuqaroning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, voqeaga aloqador bo`lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan. Shuningdek, mazkur ish ortidan bir qator IIB mas`ullari lavozimdan olingan, holatga aloqador bo`lgan tezkor xodimlar ichki ishlar organlari tizimidan bo`shatilgan.

Hukmga ko`r, fuqaroning o`limida 4 nafar xodim aybdor deb topilgan: Bo`ka tumani IIB JQB boshlig`i J.S., bo`limning tezkor vakillari — D.J. va Sh.G`., Bo`ka tumani IIB profilaktika inspektori S. T.. Sud hukmi bilan J.S.ga 7 yil, D.J. va Sh.G`.ga 8 yilu 6 oydan va S.T.ga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchilar 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan maxrum qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1