Joriy yil avgust oyida "Ko`prikqurilish" korxonasi xodimi Zo‘rTV jurnalistlarini kaltaklagani uchun ishdan bo`shatilgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan bugun, 6 dekabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida sud ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sud majlisida Zo‘rTV jurnalisti va operatorini kaltaklagan shaxsga hukm o`qidi. Sudlanuvchi Nodir Eshniyozov JKning 277-moddasi 3-qismi "a" va "g" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sudlanuvchiga dastlab 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. So`ng, JKning 72-moddasi qo`llanilib, hukmning shartliligi e`lon qilindi va aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi.
Sudlanuvchidan Zo‘rTV kanali foydasiga etkazilgan zarar uchun 23 million 755 ming 641 so`m mablag` undirilishi belgilandi.
Shuningdek, "TELERADIOKOMPANIYA ZO’R" MChJga tegishli bo`lgan 1 dona “SONY XDCAM Z280” rusumli videokamera, 1 dona “SONY MDR-XB550” rusumli quloqchin, 1 dona “Sennheiser EW 335-g3” rusumli mikrofon va 1 dona “Sennheiser G4” rusumli mikrofon bazasini “TELERADIOKOMPANIYA ZO’R” MChJga qaytarish belgilandi.