AsosiyJamiyat

Ikkinchi “Dreamliner” Toshkentga keldi

Bugun “Toshkent” xalqaro aeroportiga "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilingan ikkinchi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyoti kelib qo`ndi. 

“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi 1996 yildan buyon AQShning dunyoga mashhur “Boeing” korporasiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda va undan yigirmaga yaqin “Boeing” samolyotini xarid qildi, deya xabar beradi O`zA. 

Mustaqilligimizning 25 yillik bayrami arafasida «O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasi ilk “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini sotib olgan edi. Uning nomi inglizchadan tarjima qilinganda “Orzu layneri” degan ma`noni anglatadi. 

Ushbu havo kemasining aksariyat qismi noyob kompozision materiallardan ishlangan. Bu uning vaznini engillashtirish, parvoz xususiyatlarini yaxshilash imkonini bergan. Samolyot ishonchlilik, xavfsizlik va tejamkorlik nuqtai nazaridan ham ko`plab afzalliklarga ega. Shu bois u uzoq va juda uzoq masofalarga to`xtovsiz ucha oladi. Mutaxassislar ta`kidlashicha, ushbu zamonaviy havo layneri 16 soat uzluksiz parvoz qilishi mumkin. “Dreamliner” O`zbekistondan AQSh, Kanada, Avstraliya va Afrika mamlakatlariga to`g`ridan-to`g`ri parvoz qilishi mumkin. 

Yangi samolyotlardan foydalanish uchun er usti infratuzilmasi, muhandis-texnikaviy va uchuvchilar tarkibini tayyorlash bo`yicha ham keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. “O`zbekiston havo yo`llari” aviakompaniyasida yuqori malakali 18 uchuvchi va 2 uchuvchi-instruktordan iborat yangi guruh shakllantirildi. 

Uchuvchilarimiz milliy aviakompaniyamiz parkida mavjud bo`lgan samolyotlardan texnik va texnologik jihatdan tubdan farqlanuvchi yangi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini qisqa muddat ichida muvaffaqiyatli o`zlashtirdi. 

Mamlakatimizga olib keltirilgan birinchi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotining tijorat ekspluatasiyasi 5 sentyabrda boshlandi. Xalqaro yo`nalishdagi ilk parvozi 9 sentyabrda Olmaota shahriga amalga oshirildi. Bugungi kunda ushbu samolyot Olmaota, Dubay, Dehli, Istanbul, Tel-Aviv, Moskva va boshqa yo`nalishlarda parvoz qilmoqda. 

Bugun «O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasi parki yana bir yangi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyoti bilan boyidi. Sietldan Toshkentgacha 12 soatga yaqin davom etgan uzluksiz parvoz muvaffaqiyatli bajarildi. “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini “Boeing” korporasiyasi zavodida "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi bosh direktorining o`rinbosari Gennadiy Xarlap va "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasi direktori o`rinbosarlari Andrey Margachyov va Valeriy Kosov qabul qilib oldi.

Boshqa yangiliklar