Rossiyaning Ukraina bilan urushdagi yo`qotishlari halok bo`lgan va jarohat olgan 315 ming kishini tashkil etadi, deb xabar qilmoqda Zamon.uz.
Razvedka ma`lumotlari bilan tanish bo`lgan nashr manbalarining ta`kidlashicha, Rossiya qurolli kuchlarining shaxsiy tarkib va zirhli texnikadagi yo`qotishlari "mamlakatning harbiy modernizasiyasini 18 yilga orqaga surdi".
Amerika razvedkasi ma`lumotlariga ko`ra, Ukrainaga qarshi urush boshlanganda Rossiya armiyasida 3500 ta tank bo`lgan, shundan 2200 tasi yo`q qilingan. Bundan tashqari, 13600 ta piyoda jangovar mashina va bronetransportyordan 4400 tasi yo`q qilingan, bu ularning 32 foizini tashkil etadi.
Shu kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Edrienn Uotson 2023 yil oktyabr-noyabr oylarida Rossiya armiyasida Avdiyivka yaqinidagi hujum chog`ida 13 ming kishi halok bo`lgan va yaralangani, 220 dan ortiq zirhli texnika yo`qotilganini ma`lum qildi. Rossiya va Ukraina urushdagi yo`qotishlari haqida rasmiy ma`lumot bermayapti.






