AsosiyJamiyat

Martin Chungongga “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko`krak nishoni Jenevada topshirildi

'Martin Chungongga “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko`krak nishoni Jenevada topshirildi'ning rasmi

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong – 2023 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko`krak nishoni bilan taqdirlangandi. O`zbekistonning do`sti va yaqin hamkori ushbu mukofotga inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun sazovor bo`ldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Mamlakatimiz delegasiyasining Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi 75 yilligi tantanalariga bag`ishlangan rasmiy-madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun joriy yil 10-12 dekabr kunlari Shveysariyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi bilan ham uchrashuv bo`ldi. O`zaro muloqot asnosida delegasiya rahbari – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mukofotni egasiga tantanali ravishda topshirdi.

M.Chungong o`zi rahbarlik qilayotgan xalqaro tashkilot faoliyatida, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va qo`shma tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida O`zbekiston parlamentining o`rni alohida ekanini ta`kidladi. Shu munosabat bilan parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga o`z minnatdorchiligini izhor etdi.

Muloqot asnosida BMT Bosh Assambleyasi 2022 yil 14 dekabrda qabul qilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to`g`risida”gi rezolyusiya ham aynan O`zbekiston tashabbusi samarasi ekani yana bir bor e`tirof etildi. Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibining fikricha, O`zbekiston ijtimoiy himoya va gender tenglikni ta`minlash, tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash, aholining ta`lim darajasini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash sohalarida beqiyos tajribaga ega.

Suhbat yakunida M.Chungong Parlamentlararo Ittifoqning 2025 yilga belgilangan 150-Assambleyasini O`zbekistonda o`tkazishga tayyorligini ma`lum qilgani uchun mamlakatimiz parlamentiga minnatdorchilik bildirdi.

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar