15 dekabrdan boshlab "Humo Air" loukoster aviakompaniyasi poytaxtdan O`zbekiston shaharlariga muntazam qatnovlarni amalga oshira boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Dastlabki reyslarning amalga oshirilishi munosabati bilan Toshkent aeroportida tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Bugun mahalliy vaqt bilan soat 06:41 da Toshkent - Nukus yo`nalishi bo`yicha birinchi reys amalga oshirildi. Kun davomida poytaxtdan Qarshi, Samarqand va Urganch aeroportlariga ham parvozlar amalga oshirildi.
Haftaning boshqa kunlarida aviakompaniya Navoiy, Termiz, Buxoro va Farg`ona shaharlariga ham parvozlarni rejalashtirmoqda. Aviakompaniya xabar berishicha, ichki yo`nalishlarga chiptalar narxi 99 ming so`mdan boshlanadi.
Aviakompaniya tomonidan 2024 yilda Olma-ota, Istanbul va Dubay kabi shaharlarga xalqaro reyslarni yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.






