Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sub`ektlari manfaatidan kelib chiqib, ularga qulaylik yaratish maqsadida 2024 yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari — qo`shilgan qiymat solig`i, foyda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad, yuridik shaxslarning mol-mulk, qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlar uchun er solig`i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliqlar o`zgarishsiz qoldirilmoqda. Ya`ni 1 yanvardan mol-mulk solig`i Toshkentda 3 million, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 million so`m etib belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub`ektlari uchun qo`shimcha engilliklar yaratish maqsadida kameral soliq tekshiruvida tadbirkordan hujjat talab qilish, bino va hududlariga kirish yoki uni idoraga chaqirish taqiqlanmoqda.
Soliq majburiyati bo`yicha da`vo qilish muddati 5 yildan 3 yilgacha qisqartirilmoqda, foyda solig`i bo`yicha har oy bo`nak to`lovlarini to`lashi lozim bo`lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd. so`mdan 10 mlrd. so`mga oshirilmoqda.
Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyasiya darajasidan kelib chiqib aksiz solig`i va resurs soliqlarini indeksasiya qilish belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub`ektlariga engilliklar yaratish, soliq bazasini kengaytirish va budjet daromadlarini to`liqliligini ta`minlash, iqtisodiyotda yashirin faoliyat ulushini qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.






