Yig`ilish kun tartibidagi ikkinchi masala xizmat ko`rsatish va turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo`ldi.
Davlatimiz rahbari bu yil iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43,5 foizga etishi kutilayotgani, lekin bu etarli emasligini ta`kidladi.
O`tgan 11 oyda 421 trillion so`mlik xizmatlar ko`rsatilgan. Bu o`tgan yilga nisbatan 13,6 foiz ko`p, xolos.
Ayniqsa, Guliston, Nurafshon, Yangier, Yangiyo`l, Termiz, Xonobod, Nukus, Ohangaron va Chirchiq shaharlarida o`sish 10 foizdan kam, Peshku, Uchko`prik, Asaka va Piskent tumanlarida 4 foiz ham bo`lmadi.
Sohalar kesimida tahlil qilganda, bugungi kunda moliya, transport, savdo, turizm, ta`lim, tibbiyot va “Ay-Ti” jami xizmatlar hajmining 85 foizini berayapti.
Joriy yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 20 foizga o`sishi kutilmoqda.
Yaqinda kichik biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha Biznesni rivojlantirish banki hamda o`rta biznes uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi.
Shuningdek, ilk bor bazaviy bank xizmatlarini ko`rsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Ularga aholidan depozit qabul qilish, to`lovlar o`tkazish, xorijiy valyutada qarz mablag`lari jalb qilishga ruxsat berilmoqda.
Shularni hisobga olib, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlarda 30 foiz o`sish qilib, uning hajmini 140 trillion so`mga etkazish muhimligi ta`kidlandi.
Kelgusi yilda xalqaro kapital bozorlarida 500 million dollarlik “evrobond” joylashtirishga ko`rsatma berildi.
18.12.2023 18:23
Bu yil iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43,5 foizga etishi kutilmoqda






