Buxoro viloyatining Olot tumani hududida joylashgan «O`zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli "Tegirmon" gazkondensat konidagi 7-sonli qidiruv qudug`i 2428 metr chuqurlikkacha burg`ilandi.
O`tkazilgan sinash ishlari natijasida yuqori yura davri karbonat yotqiziqlarining mahsuldor qatlamidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olindi. Quduqning boshlang`ich kunlik debiti 500 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Hozirgi vaqtda ushbu quduqning mahsuldor qatlami bosimi, harorati va kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida, geologik-tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.






