Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren shahridagi 39-sonli maktabda o`qituvchilar yarim kechasi ko`mir tashigani aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Munosabatda keltirilishicha, mazkur ta`lim muassasasiga joriy yilning noyabr oyida Prezidentning 57-sonli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida maktabgacha va umumta`lim tashkilotlarini kuz-qish mavsumiga hozirlash, xususan ko`mir yoqilg`isini etkazib berish ishlari amalga oshirilgan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasiga ko`ra, maktabga shu yilning 11 noyabrida tunda ko`mir yoqilg`isi kelib tushgan. Maktab ma`muriyati, xodimlar va maktab atrofidagi aholi yordamida shu kunning o`zida, ularning o`z tashabbusi bilan yog`in-sochinga qoldirmay ko`mirni maxsus qurilgan omborga kiritib olishgan.
Xabardagi videoni muassasa rahbariyati, minnatdorlik sifatida suratga olib maktabning telegram guruhiga tashlagan.
“Bu videodan esa bir oy o`tib, ba`zi g`araz niyatli shaxslar butkul boshqa maqsadda foydalangan. Mazkur ta`lim muassasasida hech qanday majburiy mehnat sodir etilmagan”, deyiladi munosabatda.






