AsosiyJamiyat

Bu yilgi “Yashil makon” doirasida 91 million dona daraxt va buta ko`chatlari ekildi

'Bu yilgi “Yashil makon” doirasida  91 million dona daraxt va buta ko`chatlari ekildi'ning rasmi

AOKAbinosida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboeva ishtirokida brifing bo`lib o`tdi. 

Brifing “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag`ishlandi. 

Ma`lumot uchun, 2023 yil 11 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida mamlakatimizda joriy yil kuz mavsumida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni sifatli o`tkazish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligida Respublika shtabi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman va shahar hokimliklarida ishchi guruhlar va shtablar tashkil etildi.

Shuningdek, ko`chat narxlari barqarorligini ta`minlash maqsadida har bir tuman va shaharda o`rmon xo`jaliklari va ko`chatchilik bilan shug`ullanuvchi subektlar jalb etilib, 721 ta savdo nuqtasida ko`chat yarmarkalari tashkil etildi.  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika hududlarida jami 91 mln tup, ya`ni rejaga nisbatan 107 foiz daraxt ko`chatlari ekilishi ta`minlandi. 

Ahamiyatlisi,  mamlakat miqyosida ommaviy ko`chat ekish tadbirlari amalga oshirilganligi natijasida yashil hududlar ko`payishiga erishilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanining tog` va tog`oldi hududi 580 gektar maydonida vazirliklar, idoralar va tijorat banklari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 320 ming tup turli xildagi manzarali, mevali daraxt ko`chatlari ekilib, yangi bog`lar barpo etilmoqda.

Bundan tashqari, mavjud 196 ta chiqindi poligonlari atrofida tez o`suvchi daraxt turlaridan ixota daraxtzorlari barpo etish loyihasi ishlab chiqilib, hozirgi kunda 182 ming tup daraxt ko`chatlari o`tqazildi.

Ta`kidlash joizki, atrof-muhitga ta`sir xavfi I va II toifadagi sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog`”lar barpo etish maqsadida 1 mln 873 ming, o`rmon fondi erlarida o`rmon barpo etish maqsadida esa 5 mln 186 ming tup daraxt ko`chatlari ekildi.

Asosiysi, sug`orish tizimlari bilan ta`minlash maqsadida hududlarda 893 ta suv chiqarish quduqlari qazildi va 1058,7 km uzunlikda sug`orish tizimlari joriy etilib, suv manbasi bo`lmagan hududlarga ko`chatlarni sug`orish uchun 610 ta maxsus texnikalar jalb etildi. 

Joriy yil kuzgi mavsumda O`rmon xo`jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tupdan – jami 2 mln tup, maktabgacha ta`lim muassasalariga 836 ming tup, Ekologiya vazirligi tomonidan sog`liqni saqlash muassasalariga 900 ming tup ko`chat bepul etkazib berildi. 

O`rmon xo`jaligi agentligi tomonidan o`rmon fondining cho`l hududlari, ya`ni Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo`yi mintaqasida bugungacha 198 ming gektar, shundan Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 20 ming gektar va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Buning  uchun jami 856 tonna cho`l o`simliklari urug`lari jamg`arildi. O`rmon xo`jaliklarida iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlaridan 150 gektar maydonda niholxona va ko`chatxonalar tashkil qilindi.

    Boshqa yangiliklar