AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi AYoQShlarda benzin sotish bo`yicha 25 ta qoidabuzarlik aniqlandi

'O`zbekistondagi AYoQShlarda benzin sotish bo`yicha 25 ta qoidabuzarlik aniqlandi'ning rasmi

Aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan ta`minlash holatini o`rganish maqsadida 2023 yil noyabr-dekabr oylarida Respublikaning barcha hududlarida joylashgan AYoQShlarda benzin mahsulotlarining nazorat xaridlari o`tkazildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi. 

Ushbu o`rganish tadbirlari davomida 82 ta AYoQShdan xarid qilingan benzin mahsulotlari, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etilgan va ularning dastlabki qismi bo`yicha ma`lumotlar olingan.

Bugungi kundagi dastlabki o`rganishlar natijasida (laboratoriya tahlillariga asosan) 21 ta holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4 ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan. Bunda, dastlabki o`rganishlarga ko`ra jami iste`molchilarga 300 mln so`mga yaqin zarar etkazilganligi aniqlangan.

Jumladan, “Gulnora gaz servis” MChJ (Qoraqalpog`iston Res), “International Petroleum” MChJ (Sirdaryo v.) «ISKRA» XK, “XAMKOR IMEJ” MChJ, “NAZAR OTA” KTXF, “ShER GRAND GAZ” XK, “ShODLIK TUXFASI” MChJ va “VERSAL OIL” MChJ (Jizzax v.) “Qaro Oltin Yog`dusi” MChJ, “Lutf HAQ” MChJ “VODIY PROPAN GAZ SERVIS” MChJ va “Offise brokers” XK (Farg`ona v.), “Maks Eko oyl” MChJ (Qashqadaryo v.),  “Markaziy Gaz Oyl” MChJ, “Brava Oil So” MChJ, «Foykon» MChJ “Mohinur Oil” XK, “Boburshox Plyus Oil” MChJ, “Elit Tranzit Oyl” MChJ, «Mustaqillik-2001» MChJ (Andijon v.) hamda «BARS» MChJ (Toshkent v.) larga qarashli AYoQShlarda benzin mahsulotlari sifat darajasida emasligi to`g`risida laboratoriya xulosalari taqdim etilgan.

Shuningdek, «RASUL» ko`p tarmoqli xususiy savdo korxonasi (Andijon v.) «Sity petrol» MChJ, «Jasur Jo`rabek Tolib nuri» MChJ va «Xush Baxt Zar» MChJ (Buxoro v.qarashli AYoQShlarda benzin mahsulotlari kam quyish holatlari aniqlangan.

O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning:

 13-moddasiga binoan nuqsonli tovar sotilganda nuqsonlarni bartaraf etish, ko`rilgan zararni qoplash va boshqa holatlar belgilab o`tilgan. Shuningdek, ushbu qonuning 26-moddasida esa, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo`lishini va ularning sifatini ta`minlash maqsadida…tegishli davlat tashkilotlari tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo`lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa davlat boshqaruv organlari bilan o`z vakolatlari doirasida tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo`lishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarni belgilaydilar hamda bu talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.

"Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo`mitasi tomonidan ish qo`zg`atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda iste`molchilarga etkazilgan zararni qoplatish choralari ko`rilayotganligini, shuningdek, Qo`mita «O`zenergoinspeksiya» bilan hamkorlikda sifatsiz benzin mahsulotlari sotilishini oldini olish bo`yicha tegishli ishlar amalga oshirib kelinayotganligini ma`lum qilamiz. Shu bilan birgalikda ma`lumot o`rnida iste`molchilardan shu kabi holatlarga duch kelishganda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasining yagona ishonch raqamiga (1159) murojaat qilishlari mumkunligini eslatib o`tamiz", - deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar