Bugun, 12:00 da 2024 yil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining butun hajmi uchun onlayn kontraktasiya ochiladi. Avtomobil xarid qilish uchun shartnomani faqat onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. E`tibor qarating, shu kunlarda barcha Chevrolet dilerlik markazlari savdo tizimidan o`chiriladi va avtosalonlarning barchasi yopiq bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, Chevrolet ommabop avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat UzAuto savdo ilovasi ((iOS/Android), shuningdek savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin. Telegram-bot faqat navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma`lumotni taqdim etadi.
“Hurmatli mijozlar, kompaniya asossiz “ajiotaj” chiqarmaslikni so`raydi. Kontraktasiya uchun Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining 2024 yildagi butun hajmi mavjud bo`ladi. Shuningdek, shu kunlarda Chevrolet dilerlik markazlariga murojaat qilmasligingizni ta`kidlaydi”, deyiladi xabarda.
Butun kontraktasiya jarayonini, tizimning ishlashi va uning natijalari to`g`risidagi tezkor ma`lumotlarni UzAuto Motors o`zining rasmiy sahifalarida Telegram/Facebook/Instagram muntazam ravishda e`lon qilib boradi.
UzAuto Motors kompaniyasi o`z mijozlaridan hushyor bo`lishni va shaxsiy ma`lumotlarini, ayniqsa, davlat portalidagi shaxsiy ma`lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikni so`raydi. Agarda shartnoma tuzish uchun shaxsiy ma`lumotlaringizni uchinchi shaxslarga topshiradigan bo`lsangiz, UzAuto Motors xaridor oldida hech qanday javobgarlikni o`z zimmasiga olmaydi.
Onlayn shartnoma tizimi barcha uchun mutlaqo bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni ta`minlaydigan imkon yo`q.
Avtomobilni onlayn xarid qilish uchun mijozlar quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:
1. OneID tizimida ro`yxatdan o`tish;
2. ”UzAutosavdo" mobil ilovasini yuklab olish ((iOS/Android), savdo.uzavtosanoat.uz saytiga kirish;
3. OneID tizimidagi login va parol yordamida saytga kirish/ilovada ro`yxatdan o`tish;
4. Avtomobil modeli, rangi va komplektasiyasi hamda ma`qul kelgan dilerlik markazini tanlagan holda, shartnoma tuzish kerak bo`ladi.