Ijtimoiy tarmoqlarda "Cobalt" avtomobilining gaz balloni portlashi bilan bog`liq xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB rasmiy munosabat berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 24 dekabr kuni soat 09:50larda fuqaro F.D o`z boshqaruvida bo`lgan, "Cobalt" rusumli avtomashinasi bilan Qiziltepa tumanidagi “Burger” kafesi oldidagi avto turargohda bo`lgan vaqtda avtomashinaga o`rnatilgan “Metan gaz” baloni portlab ketishi natijasida haydovchi F.D va uning 3 yoshlik voyaga etmagan farzandi R.Sh turli darajadagi tan jarohatlari olib, tuman Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Voyaga etmagan R.Shga ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u shifoxonaning jonlantirish bo`limida vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan Qiziltepa tumani IIB tergov bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
"Barcha fuqarolardan avtomashinalarga gaz ballonlarini o`rnatishda uning texnik jihatdan sozligi va to`g`ri o`rnatilishiga katta e`tibor qaratishlarini so`raymiz", deyiladi xabarda.






