1

Hayotiy hikoya: “Turmush o`rtog`im ishsiz qoldi”

Mutolaa 09.11.2016, 11:40
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim, Ish, Er-xotin
Hayotiy hikoya: “Turmush o`rtog`im ishsiz qoldi”

Bunday vaziyatda ba`zi oilalar darz ketsa, boshqalari esa aksincha, hamjihatlashadi. Ayni holatda ayol kishining o`zini qanday tutishi ko`p narsani hal qiladi. 

Hayotiy vaziyat. Bir dugonam bor: o`qimishli, faol, ikki farzandning onasi. 25 yoshida nomzodlik dissertasiyasini yoqlaganida hamma uning kelajagiga katta umid bog`lagani yodimda. Hozir shu ayol ishlamay, uyda o`tiribdi. Sababi eri ishsiz qolganmish. Agar u hozir ishga tushib ketsa, turmush o`rtog`i tamoman boqimanda bo`lib olarmish. Bu shundoq ham uzzukun cho`zilib yotib, hatto o`zini ish izlayotgandek qilib ko`rsatishga ham erinayotgan erni tarbiyalash uchun, yumshoq qilib aytganda, g`alati tadbir, to`g`rimi?! Yana kim biladi deysiz? To`n ilig`i egasiga ma`lum, deyishadi-ku!

O`zingizni qo`lga oling!

Avvalo, eringizdan ham oldin o`zingizni tinchlantiring. Juda dahshatli halokat sodir bo`lgani yo`q, axir! To`g`ri, bu jiddiy ko`ngilsizlik. Ammo bo`lar ish bo`ldi. Asabiylashgan bilan hech nimani o`zgartira olmaysiz. Aslo juftingizga jahl qila ko`rmang. Uni koyish haqida esa gap ham bo`lishi mumkin emas. Erkaklar, odatda, omadsizliklarni juda yomon qabul qilishadi. Shuning uchun yonlarida hadeb vahima qilaveradigan, dam-badam uf tortib, «endi nima qilamiz?» deya javrayveradigan emas, ovutib, tinchlantiradigan va ayni vaziyatda eng to`g`ri qarorni qabul qilishiga sharoit yaratadigan ayolni ko`rishni istashadi. Sizdagi o`ziga nisbatan ishonchni oqlash va farzandlaringizning kelajagini ta`minlash uchun ham eringiz dast o`rnidan turib, yangi ish izlashi tayin. Izlagan esa hamisha imkon topadi!

Erni «o`z qobig`i»dan chiqaring

Ko`pchilik erlar, odatda, ish haqida gapirishmaydi. Ishsiz qolganda esa bir og`iz so`z aytmay, o`z qobiqlariga o`ranib olishlari mumkin. Natijada chuqur tushkunlik holatidan uzoq vaqtgacha qutula olmaydilar. Bu esa yangi ish topish va hammasini qaytadan boshlashga imkon qoldirmaydi. Ayni vaziyatda erkak kishini o`z qobig`idan chiqarishga harakat qilish kerak. Biroq qanday? Oz-ozdan uni suhbatga torting. O`zingiz, umumiy tanishlaringiz haqida gap boshlang. Asta-sekin gapni uning o`zi tomon buring. Agar juftingiz jahl qila boshlasa, shu joyda gapni to`xtatasiz. Demak, u hali bunday suhbatga tayyor emas. Biroq hafsalangizni pir qilib, uni o`z holiga tashlab qo`ymang. Har kuni oz-ozdan harakat qilsangiz, oxiri u «ochiladi».

Hech nima o`zgarmadi

Aksar erkaklar ishdan bo`shagach, atrof-muhit iloji boricha eskicha qolishini istashadi. Siz ortiqcha xatti-harakatingiz bilan eringizning shundoq ham tarang asab torlarini tortmang. Agar uy bekasi bo`lsangiz, o`zingizcha «erimga yordam beraman» deb, ish izlashga tushib ketmang. Buni u bilan bamaslahat qiling. Aks holda eringiz, «endi xotin, bola-chaqamni boqa olmas ekanman-da, bunga hatto ayolim ham amin bo`libdi. Ana, o`zi ish izlayapti», deb, battar tushkunlikka tushadi. 

O`zingizni hech nima bo`lmagandek tuting. Lekin ro`zg`orda tejamkorlikni unutmang. Buni birinchi navbatda o`zingizdan boshlang: uyali telefon o`rniga uy telefonidan foydalanish, sochingizni sartaroshxonada emas, uyda turmaklash, gap-gashtaklaru ziyofatlardan vaqtincha voz kechish kabilar shular jumlasidandir. Qolaversa, «gap»dagi dugonalaringizga ahvolni tushuntirsangiz, balki keyingi oyning pulini sizga navbatsiz yig`ib berishar. Lekin bularning barini eringizga minnat qilib emas, boshqalarga bildirmay amalga oshirganingiz ma`qul. O`zini yo`qotmay, ro`zg`orni eplayotgan, avvalgidek kulib-yashnab yurgan, shunday qiyin vaziyatda unga madad bo`layotgan ayoli uchun erlar hamma narsaga tayyor bo`lishadi. Tez orada ishlari yurishib ketsa, yana rohatini o`zingiz ko`rasiz.

Eringizdan ko`proq pul topsangiz…

Shunday bo`ladiki, turmush o`rtog`ingiz ishsiz qolgan bir paytda sizning ishlaringiz yurishib ketadi. Bu juda nozik holat. Avvalo, unutmang, er-xotin — qo`sh ho`kiz, deyishadi. Qiyin vaziyatga tushib qolganda «seniki-meniki» yo`q. Buni qulog`ingizga quyib oldingizmi?! Endi juftingizning ham qulog`iga quying. Toki «xotinimning topganiga qaram bo`lib qolamanmi», deya ich-etini emasin. Siz nafaqat oilani moddiy jihatdan ta`minlashingiz, balki umr yo`ldoshingizga ma`naviy madad ham bo`lishingiz kerak.

Xolis maslahatchilardan uzoqroq yuring

Biror qiyinchilik qarshisida qolgan oilalarga maslahat beruvchilar ko`p bo`ladi. Eringizni qanday qilib pul topishga majbur qilish (boshqacha aytganda, munosabatlaringizga darz ketkazish) haqida yo`l-yo`riq ko`rsatuvchilar ko`payadi. Himoyada qattiq turing. Chunki erkak kishi qasoskor bo`ladi: inqirozdan eson-omon o`tib, ishlari yurishib ketganidan so`ng kunda «pul toping» deya uning asablarini egovlaganingizni unutmasligi, endi sizga kamroq tayanib, boshqalarga e`tibor qaratishi ham mumkin. Bu esa sizning sinovdan yaxshi o`tolmaganingizni bildiradi.

Me`yorni unutmang

Biz ayollar biror ishga kirishsak, mukkasidan ketish odatimiz bor. Eringizni stresdan himoya qilaman deb, ortiqcha erkalatib yubormang. Ro`zg`orni bir kishi eplashi qiyin. «Xotinim hammasini o`zi eplayapti-ku», deb televizor qarshisini «ishg`ol» qilib olsa, nima qilasiz? Xudo asrasin! Asta-sekin uni ishlashga rag`batlantirish kerak. Masalan, «falonchi o`rtog`ingiz «Matiz»ini «Neksiya»ga almashtiribdi», yoki «pistonchi onasini hajga olib ketayotgan emish», kabi erkaklarda poyga hissini uyg`otadigan gaplardan qiling. Xullas, juftingizga qanday ta`sir qilishni o`zingiz yaxshi bilasiz. Ko`rasiz, ko`p o`tmay, u ishga otlanib qoladi.

Sharhlar

Germaniyadagi yangi ish o`rinlari haqida ma`lumot berildi

19.08.2021, 09:10

 Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda  Germaniyaning "NoVo Agency e.K." tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan tibbiyot sohasida oliy yoki o`rta-maxsus ma`lumotga ega fuqarolar ishga taklif qilmoqda.Bo`sh...
Germaniyada ishlash istagida bo`lganlarga muhim yangilik e`lon qilindi

17.08.2021, 15:33

 Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda Germaniyaning "NoVo Agency e.K." tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan tibbiyot sohasida oliy yoki o`rta-maxsus ma`lumotga ega fuqarolar ishga taklif qildi.Bo`sh...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1