AsosiyJamiyat

O`zbekistonda botulizmdan o`lim holatlari kuzatilmoqda. Sanepidqo`mita ogohlantirish bilan chiqdi

'O`zbekistonda botulizmdan o`lim holatlari kuzatilmoqda. Sanepidqo`mita ogohlantirish bilan chiqdi'ning rasmi

Oxirgi vaqtlarda Respublikamizning aksariyat shahar va tumanlarida aholi orasida ovqatdan zaharlanishning eng og`ir turi, jumladan “Botulizm” kasalligi uchrab turmoqda. 

Holat yuzaga kelishi oqibatida jabrlanganlar o`z vaqtida tibbiy yordamga murojaat etmasligi ushbu kasallikning og`ir kechishi,  o`lim bilan tugashi hatto yosh bolalar o`rtasida qayd etilmoqda.

Botulizm kasalligini chaqiruvchi mikroblar ko`pincha sabzavotlar, qo`ziqorin, go`sht va baliq mahsulotlaridan  tayyorlash texnologiyasiga rioya etmasdan uy sharoitida tayyorlangan, sifatsiz konserva mahsulotlarida ko`payib, ularni inson iste`mol qilganida, jarohatlangan teri yoki og`ziga solganida kasallik rivojlanishi  mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlariga botulizm qo`zg`atuvchilari turli yo`llar bilan o`tadi. Masalan go`shtga – hayvon so`yilayotganda, nimtalanayotganda, baliqlarga esa qoplamalaridan yoki ichaklaridan tushishi mumkin. Ba`zi hollarda botulizm tuzlangan baliqlar orqali tarqalishi mumkin.

Sabzavot, mevalar va qo`ziqorinlarga botulizm qo`zg`atuvchilarini sporalari asosan tuproqdan o`tadi. Botulizm qo`zg`atuvchilari tashqi muhitga o`ta chidamli bo`lib, 100 haroratda 6 soat, 120 gradusda esa 10 daqiqagacha tirik bo`ladi.

Botulizm sporalari qulay sharoitga tushib qolganda, ko`payib o`zidan toksin ajratib chiqaradi. Sporalarni ko`payishi va o`zidan toksin ajratib chiqarishi uchun kislorodsiz muhit qulay hisoblanadi. Shu sababli, botulizm qo`zg`atuvchilari konservalangan mahsulotlarda, vetchina, kolbasa va baliqlarda yaxshi rivojlanadi.

Sporalarni rivojlanishi uchun 22-37 daraja eng qulay hisoblanadi. 14 haroratdan  past darajada, 10 foizli osh tuzi eritmasida va 55 foizdan yuqori shakarli muhitda toksin ishlab chiqarishi to`xtaydi.

Botulizm tayoqchasining ishlab chiqargan zahari qonga tez so`riladi va juda kuchli ta`sir qiladi. Kasallikning yashirin davri 2 soatdan 8-10 kungacha, hatto 21 kungacha cho`zilishi mumkin.

Botulizm kasalligida markaziy nerv tizimi zararlanishi belgilari kuzatiladi. Botulizm toksinlari bilan zararlangan oziq-ovqatlarni iste`mol qilgandan keyin 2-3 soat ichida, ba`zi hollarda esa, bir sutkadan keyin, zaharlangan kishining oshqozoni behuzur bo`lib, qayd qiladi. Bosh qattiq og`riydi, og`iz bo`shlig`i va tomoq yo`llari quriydi. Ko`zi xiralashib, narsalar qo`shaloq bo`lib ko`rinadi (diplopiya), qovoqlari tushib ketadi (ptoz), bemor yutinishga, chaynashga qiynaladi.

Botulinotoksinga asab tizimi, ayniqsa, kuchli sezgir bo`lganligi uchun, meningial simptomlar kuzatiladi. Nafas olish, yutish va yurak urish reflekslarining buzilishi oqibatida o`lim holatlari kuzatiladi.

Botulizm kasalligida shifokor kelgunga qadar bemorga ko`p miqdorda suyuqlik berish tavsiya qilinadi. Bu esa, oshqozon-ichak yo`lida mikroblarning zaharli ta`sirini bir muncha pasaytiradi. Unga qarshi zardob bemorga faqatgina shifoxona sharoitida qilinadi. 

Hozirda botulizm qo`zg`atuvchilarining 6 ta: A, B, C, D, E, R turlari aniqlangan bo`lib, eng ko`p tarqalgan turlari A, B, E hisoblanadi. Davolashda spesifik botulizm toksinlarini neytralizasiya qiluvchi anatoksinlardan foydalaniladi. Eng kuchli toksin A, eng kuchsiz esa S turi hisoblanadi. 

    Boshqa yangiliklar