Toshkentdagi xususiy bog`chada tarbiyachining qo`pol harakati oqibatida bolaga tan jarohati etkazilgani yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani o`zining Telegram kanalida xabar berdi.
Fuqaro N.Sh. 2023 yil 17 noyabrda Yakkasaroy tumanida joylashgan xususiy ta`lim maktabgacha ta`lim muassasasida enaga yordamchisi K.G`.ning 2021 yilda tug`ilgan o`g`li L.A.ga nisbatan qo`pol harakati natijasida bolaning qo`li bilagidan chiqib, unga jiddiy shikast etgani haqida murojaat etgan.
O`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvi davomida tayinlangan tibbiy ekspertiza yuzasidan 18 dekabr kuni berilgan xulosaga ko`ra, L.A.ga og`irlik darajasi buyicha o`rtacha og`irlikdagi tan jarohatlari etkazilgan.
Buning asosida Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, enaga yordamchisi K.G`. xatti-harakatlari bilan kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, ya`ni o`z kasbiga beparvolik yoki insofsizlik bilan munosabatda bo`lishi tufayli badanga o`rtacha og`ir shikast etkazishda ifodalangan jinoyat sodir etganligi yuzasidan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






