Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanining hamda Denov va Qiziriq tumanlarining sobiq hokimi qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy Sudning bergan rasmiy ma`lumotiga ko`ra, Jinoyat ishlari bo`yicha Oltinsoy tuman sudining 2023 yil 4 sentyabrdagi hukmiga muvofiq B. Xudoyberganov (1976 yilda Surxondaryo viloyatida, Sho`rchi tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari, 184-1-moddasi (byudjet va smeta-shtat intizomini buzish) 2-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (er berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2023 yil 7 noyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmining B. Xudoyberganovga oid qismi o`zgarishsiz qoldirildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Termiz tuman sudining 2023 yil 7 dekabrdagi hukmiga muvofiq R. Pardaev (1979 yilda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan, Denov va Qiziriq tumanlari hokimi lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil 6 oy muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Hozirgi kunda R. Pardaev va uning himoyachilari tomonidan birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyasiya tartibida berilgan shikoyati Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasida ko`rish uchun rasmiylashtirilmoqda, deyiladi xabarda.
27.12.2023 19:03
Sho`rchi tumani sobiq hokimining ozodligi 4 yilga cheklandi. Denov va Qiziriq tumanlarining sobiq hokimi esa 8,5 yilga qamaldi






