Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilib boriladi. Ularda ko`tarilgan muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish maqsadida Ombudsman tomonidan takliflar ishlab chiqiladi.
Ombudsman nomiga ijtimoiy huquqlarni ta`minlash, jumladan ta`lim uchun kontrakt puli to`lovi, bo`lib-bo`lib to`lash, imtiyozlar berish kabi masalalar yuzasidan shu kunga qadar yuborilgan murojaatlar o`rganilganda doimiy ish joyiga ega bo`lmagan ota-ona tomonidan ta`lim kreditlarini so`ndirishda muammolar mavjudligi aniqlandi.
Ma`lumki, soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar oliy o`quv yurtlarida o`qiydigan farzandlariga ta`lim to`lovlarini o`z oylik ish haqlaridan to`lab bersalar, 12 foiz daromad solig`ini qaytarib olishlari mumkin. Bu tartib o`zi ishlab o`z kontraktini to`lagan talabalar va turmush o`rtog`i uchun kontrakt to`laganlarga ham amal qiladi.
Yoshlarning oliy ta`lim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadida joriy etilgan ushbu imtiyoz fuqarolarga ancha engillik bermoqda. Lekin, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarda ota-onaning doimiy daromad manbai bo`lmaganligi sababli, kredit to`lovlarini ularning boshqa farzandlari to`lanayotganligi holatlari aniqlanmoqda. Bunday hollarda esa ushbu soliq imtiyozi qo`llanilmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman ta`lim xarajatlarini qoplayotgan boshqa farzandlar, ya`ni opasini, singlisini, akasini, ukasini o`qishiga yordam berayotgan aka-uka va opa-singillarga nisbatan ham soliq imtiyozini qo`llashni taklif qilmoqda.






