AsosiyJamiyat

“Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi

'“Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi'ning rasmi

“Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o`rganish va targ`ib qilishni rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–405-son, 25.12.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko`ra, 2024 yil 1 apreldan:

  •  noyob va (yoki) yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga ko`maklashiladi hamda faoliyatini baholash ko`rsatkichlari belgilab beriladi.

Ushbu ko`rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln so`m miqdorida rag`batlantirib boriladi;

  • alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.

Qarorga ko`ra, nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash–o`rgatish–tiklash–ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantiriladi.

Nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish bo`yicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyati yo`lga qo`yiladi.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi.

Institutga 2024 yildan har yili to`lov-kontrakt shartnomasi asosida tayanch doktorantura uchun kamida 3 tadan, stajyor-tadqiqotchilik uchun kamida 2 tadan kvota ajratiladi.

Shuningdek, 2024 yildan har yili:  

  • madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik san`ati bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan xodimlar xorijiy oliy ta`lim va ilmiy muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladi;

 

  • mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillari o`tkazib boriladi.

 

  •  2024 yil 1 oktyabrgacha “Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi.

 

Platformaga nomoddiy madaniy merosni, jumladan maqom, baxshichilik namunalarini o`zida saqlovchi va etkazuvchilar haqidagi ma`lumotlar hamda ularning ro`yxati joylashtiriladi.

 

    Boshqa yangiliklar