Ijtimoiy tarmoqda Samarqandda “Afrosiyob” elektropoezdi bir kishini bosib ketgani aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan “O`zbekiston temir yo`llari” AJ ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, hodisa 2023 yil 27 dekabr kuni taxminan soat 11:26 lar atrofida “Buxoro mintaqaviy temir yo`l uzeli” UK ga qarashli Juma-Kattaqo`rg`on temir yo`l bekatlar oralig`ida sodir bo`lgan.
Shu yo`lda temir yo`ldagi kamchilikni bartaraf etish maqsadida ish rahbari, yo`l ustasi v.b. Sh.Meyliev boshchiligidagi 9 nafar yo`l sozlovchilar birgalikda joriy ta`mirlash ishlarini amalga oshirishgan.
Yo`l sozlovchi M.Shodiyorov yo`l brigadiri tomonidan berilgan ogohlantirish ishoralariga qaramay temir yo`l izi ichi orqali brigada oldiga qaytgan. U ortidan kelayotgan “Afrosiyob” elektropoezdi mashinisti tomonidan berilgan ogohlantirish signalini eshitmagan.
Natijada, Toshkent – Buxoro yo`nalishida yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan 770-sonli “Afrosiyob” elektropoezdi yo`l sozlovchi M.Shodiyorovni urib ketgan. Oqibatda, u voqea joyida vafot etgan.
Voqea tafsilotlari o`rganilmoqda.






