"O`zgidromet" O`zbekiston bo`yicha 2023 yil 29-31 dekabr va 2024 yil 1-2 yanvar kunlariga ob-havo prognozini e`lon qildi.
Bugun, 29 dekabr kuni respublika hududiga sovuq va nam havo kirib kelmoqda. Ertalab respublika bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir yog`ishi, tog`larda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) boshlandi.
"O`zgidromet" xabariga ko`ra, kun davomida havo harorati asta-sekin pasayadi, kunning ikkinchi yarmida esa +0...+5 darajagacha tushadi. Yomg`ir yog`ishi davom etadi va respublika bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir qorga aylanadi. Tog`li hududlarda ba`zi joylarda yog`ingarchilik kuchli bo`ladi.
Respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Ertaga, 30 dekabr kuni O`zbekiston hududi bo`yicha nisbatan sovuq ob-havo bo`ladi, yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning tog`li hududlarida ba`zi joylarda biroz qor yog`ishi mumkin.
Harorat kechasi -0...-5 darajagacha, shimolda -6...-9 darajagacha pasayadi, kunduzi +2...+7 daraja atrofida bo`ladi.
31 dekabr va 1 yanvar kunlari respublikaning barcha hududlarida yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`lishi kutilmoqda.
Kechalari sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa havo harorati asta-sekin ko`tariladi va 1 yanvarga borib +10...+13 darajaga etadi.
Quruq ob-havo 2 yanvarda ham saqlanib turadi, lekin biroz sovuq havo kirib kelishi hisobiga kunduzgi harorat +6...+9 darajagacha pasayadi.
Respublika bo`yicha ba`zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.
Poytaxtda 29 dekabr kuni yomg`ir yog`adi, qorga aylanadi. Shamol g`arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12-15 m/s gacha kuchayadi. Kunning ikkinchi yarmida harorat +0...+2 darajagacha pasayadi.
30-31 dekabr va 1-2 yanvar kunlari yog`ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
Harorat 30 dekabrda kechasi -1...-3 daraja, kunduzi +4...+6 daraja, 31 dekabr va 1-2 yanvarda kechalari -3...+2 daraja bo`ladi, 31 dekabr va 1 yanvarda kunduz kunlari +11...+13 darajagacha asta-sekin ko`tariladi, 2 yanvarda +7...+9 daraja bo`ladi.






