Farg`ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shinjon-Uyg`ur avtonom rayonida faoliyat olib boruvchi yirik Rongjiang sarmoya guruhi rahbari Van Yue Xu boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
O`zbekistonda, xususan, Farg`ona viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholagan Van Yue Xu, Rongjiang viloyat hududida qurilish va developerlik sohasiga o`z investisiyalarini yo`naltirishga tayyor ekanini ma`lum qildi.
Rongjiang sarmoya guruhi rahbari Xitoyning xalqaro bozorda o`z o`rniga ega qator kompaniyalari ishtirokida viloyatda Xitoy sanoat va xizmat ko`rsatish parki tashkil etish, Farg`ona va Xitoy o`rtasida o`zaro savdo ko`lamini kengaytirish, bu maqsadda Farg`onada Xitoy Transport-logistika markazini tashkil etish kabi loyihalarda ishtirok etish rejasini ma`lum qildi.
Barcha yo`nalishlarda hamkorlikda ish tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuvda viloyat hokimining o`rinbosari Nuriddin Mamajonov va viloyat hokimining Farg`ona va Xitoy o`rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo`yicha maslahatchisi Otaxon Xayrullaev ham ishtirok etdi.






