Aziz vatandoshlar!
Jonajon diyorimizga yangi – 2024 yil kirib kelmoqda.
Mana shu shukuhli damlarda duogo`y otaxon va onaxonlarimizni, mehribon opa-singillarimizni, barcha soha va tarmoqlar vakillarini, azmu shijoatli yoshlarimizni, chet ellardagi qadrli vatandoshlarimizni – ko`pmillatli butun xalqimizni ushbu qutlug` ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Muhtaram do`stlar!
Albatta, hayot bor ekan, uning yutuq va quvonchlari, tashvish va muammolari ham bo`lishi tabiiydir. Ammo inson va xalq aql-zakovati, halol mehnati, mustahkam irodasi bilan har qanday sinovlardan munosib o`tishga qodir.
Shu ma`noda, 2023 yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari o`rtasida do`stlik va hamjihatlik hukm surmoqda.
Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitusiyamizni qabul qildik. Kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O`zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishni boshladik.
Ko`plab nufuzli anjumanlarni yuqori saviyada o`tkazdik.
Xalqaro maydonda muhim tashabbuslarni ilgari surdik.
Barqaror iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolishga erishdik.
Respublikamizda yuqori texnologik zamonaviy sanoat korxonalari, logistika va infratuzilma tarmoqlari, bog`cha va maktablar, madaniyat va sport ob`ektlari barpo etildi. Yangi-yangi ish o`rinlari ochilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz obod bo`lib, aholi hayot darajasi yuksalib bormoqda.
Birgalikdagi mehnatimiz tufayli Yangi O`zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Barcha erishgan yutuqlarimiz uchun siz, aziz vatandoshlarimga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram do`stlar!
Inson qadrini ulug`lash, aholimiz manfaatlarini ta`minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir. Shu maqsadda 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash yili”, deb e`lon qildik.
Yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investisiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytiramiz. Ilm-fan, innovasiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratamiz.
Yangi ish o`rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish e`tiborimiz markazida bo`ladi. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori ko`paytiriladi. Xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo`llab-quvvatlashga alohida ahamiyat beramiz. Ijtimoiy sohalar rivojini mutlaqo yangi bosqichga ko`taramiz.
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish ustuvor vazifamiz bo`lib qoladi.
Muxtasar aytganda, yangi hayotni, Yangi O`zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to`liq safarbar etamiz.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Sizlarni Yangi yil bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.
Har bir oila, har bir mahalla, butun yurtimiz farovon bo`lsin!
Go`zal Vatanimizni Yaratganning o`zi panohida asrasin!
Yangi yil barchamizga muborak bo`lsin!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti