AsosiyJamiyat

Xitoyning sellofan guruchlari Toshkent bozorlarida sotilayotgani rostmi?

'Xitoyning sellofan guruchlari Toshkent bozorlarida sotilayotgani rostmi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda sellofandan sun`iy guruch ishlab chiqaruvchi mashina o`ylab topilgani aks etgan video hamda ushbu mahsulotlar Toshkent shahriga ham import qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.  

Bu kabi ma`lumotlar haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Bunga dalil sifatida esa mamlakatga import qilinadigan guruchlar ichida zararkunanda va hasharotlar yo`qligi hamda infeksiyalar olib kirilmasligi bo`yicha tekshiruvdan o`tkazilishi keltirilgan. Bu haqda O`zA Bojxona qo`mitasi matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.

“Mahsulot tegishli tashkilotlar xulosasiga ko`ra, iste`molga yoki ekishga yaroqli deb topilsagina O`zbekistonga olib kirishga ruxsat beriladi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, O`simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati ham bunday guruch O`zbekistonga import qilinmaganini bildirdi. 

Aytish joizki, O`zbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonda sholi etishtiriladi. Bunda aholi jon boshiga yiliga o`rtacha 9,8 kilogrammdan guruch talab etiladi. Ya`ni, respublika aholisini to`liq guruch mahsulotlari bilan ta`minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi zarur.

2022 yilda Respublika bo`ylab 105,8 ming gektar maydonda 310 ming tonnani guruch etishtirilgan, 8 ming tonna guruch import qilingan. 2023 yilda esa 53,5 ming tonna (iste`molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha) guruch olib kirilgan. 

Jumladan, Qozog`istondan 29,3 ming tonna (54,7 foiz), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 265 tonna (0,5 foiz), Hindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) guruch sotib olingan.

    Boshqa yangiliklar