Mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyatiga chek qo`yish choralari ko`rilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma`lum qildi.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining ayrim mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotganligiga oid e`lon qilingan xabarlar va boshqa ochiq ma`lumotlar asosida o`tkazilgan o`rganishlar davomida bir qator mansabdor shaxslar tadbirkorlik sub`ektlarida ta`sischi yoki ulushga ega ekanligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur manfaatlar to`qnashuvi holatlarini bartaraf etish yuzasidan Agentlik tomonidan ko`rilgan choralar natijasida “Qimmatli qog`ozlar markaziy depozitariysi” DUK bosh direktori Sh.A., Mirobod tuman hokimi A.S., “Milliy antidoping agentligi” rahbari A.S., “Axborotlashtirish Bosh Markazi” UK rahbari D.S., Bo`ston tumani hokimi S.N., “Milliy PR-Markazi” DUK direktori D.S., O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o`rinbosari U.M., hamda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori A.A.ning tadbirkorlik sub`ektlarida ta`sischilik va rahbarlik faoliyatlari tugatilishi ta`minlandi.






