Fotima va Zuhra Adhammirzaevalar Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi pedagogika va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejida o`qiydi. Bolalikdan musiqaga oshno egizaklar milliy mumtoz qo`shiqlarni kuylashga astoydil intiladi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan o`tkazilayotgan "Yangi ovozlar" ijodiy teletanlovi Fotima va Zuhra kabi havaskorlar hamda professional yoshlarni o`z atrofiga jamladi. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, "O`zbeknavo" estrada birlashmasi, "O`zbekkino" milliy agentligi, Yoshlar madaniyat va san`at markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyihaning navbatdagi saralash bosqichi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasining 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida"gi qonuni yigit-qizlarning ma`naviy va jismoniy kamol topishiga yaqindan ko`maklashish, ularning iste`dodini qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish borasida yangi istiqbollarni ochmoqda.
"Yangi ovozlar" teletanlovidan ko`zlangan asosiy maqsad yoshlarning xonandalik yo`nalishidagi iste`dodini namoyon etishi uchun ijodiy maydon yaratish, ularning mahoratini oshirish, jahon va o`zbek milliy xonandaligi an`analarini targ`ib etishdan iboratdir. Shu bilan birga, turli janr va tillarda kuylay oladigan yosh iste`dodlarni izlab topish, ularni professional san`atga kengroq jalb etishda mazkur tanlovning ahamiyati katta bo`lmoqda. Loyihada 18-30 yoshdagi havaskorlar va professional tayyorgarlikka ega yigit-qizlar qatnashmoqda.
Teletanlovga mamlakatimizning barcha hududlaridan ishtirok etish istagini bildirgan 400 nafardan ortiq yigit-qiz hujjat topshirdi. 2016 yilning 20-22 iyul kunlari Yoshlar ijod saroyida mazkur teletanlovning dastlabki saralash bosqichi bo`lib o`tgan edi. Saralash bosqichi jarayonida yoshlarning musiqiy dasturini ko`rib chiqish uchun mohir rejissyorlar, xonandalar, prodyuserlardan iborat ekspert guruhi jalb etildi. O`z iste`dodini to`liq namoyon etib, hakamlar e`tirofini qozongan 120 nafardan ortiq yosh xonanda tanlovning keyingi bosqichida qatnashish imkonini qo`lga kiritdi.
Komron Otaullaev O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutini 2014 yilda tamomlab, hozir Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatrida ishlamoqda.
– Bugun o`z iste`dodi va mahoratini namoyon etish istagidagi yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi K.Otaullaev. – Bu kabi ijodiy loyihalar jonli ijro mas`uliyatini, tomoshabin oldidagi xonanda burchini teranroq anglash, ijodiy mahoratimiz va salohiyatimizni tobora kengroq namoyon etish yo`lidagi yana bir imkoniyatdir.
Ijrosi eng yaxshi deb topilgan xonandalar keyingi bosqichga
12.11.2016 03:44





