Tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimova qanday hollarda burun oqishi yoki allergik rinitdan aziyat chekayotgan aksariyat bemorlarga burun yuvish muolajasi tavsiya etilishi haqida ma`lumot berdi.
Burun yuvish — terapevtik yoki gigienik muolaja bo`lib, kuz-qish mavsumida tananing yuqumli kasalliklarga chidamliligini oshirish, infeksiyalarning oldini olish, davolash, burunni tozalash va namlash maqsadida o`tkaziladi, — deydi mutaxassis. — Buning uchun maxsus eritmalardan foydalaniladi. Ushbu muolajaning bir necha ijobiy samarasi bor.
️ Jumladan:
- shilliq qavatdagi yallig`lanish jarayonlarini bartaraf etadi;
- tomoq va halqumda patogen mikrofloraning ko`payishi va unga kirib borishini (shu jumladan tomoq og`rig`i va laringit rivojlanishining oldini olish) to`xtatadi ;
- burun yo`llarini yiringli sekresiyalar va shilimshiqlardan tozalaydi;
- burun shilliq qavatiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qilishi kerak bo`lgan dorilarning samaradorligini oshiradi;
- burun yondosh bo`shliqlarining bakterial infeksiyasi tufayli yallig`lanishi va shilliq qavati shishini bartaraf etadi;
- operasiyadan keyin reabilitasiya davrini qisqartiradi;
- gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqalar bilan kasallanish xavfi yuqori bo`lgan davrda mahalliy immunitetni oshiradi va hokazo.
Bundan tashqari, mazkur davolash usuli o`simliklarning gullash davri yoki allergenlar bilan aloqa qilish muqarrar bo`lgan bemorlarga mutaxassis tomonidan tavsiya etilishi mumkin.
Ushbu muolajani burnidan muntazam qon ketadigan, shilliq qavatlarning kuchli shishi, epileptik tutqanoqlar, ruhiy kasalliklar, burun yo`llarining obstruksiyasi, burun to`sig`ining shikastlanishi yoki egriligi, allergik reaksiya va eritmaning tarkibiy qismlariga nisbatan kuchli sezgirligi bor bemorlarga ehtiyotkorlik bilan bajarish tavsiya qilinadi.






