AsosiyJamiyat

Bojxona xodimlariga ijtimoiy himoya choralari berildi

'Bojxona xodimlariga ijtimoiy himoya choralari berildi'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a`zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. 

Hujjatga ko`ra, vatanni va xalqning tinch hayotini himoya qilish uchun halok bo`lgan xodimning oila a`zolariga xodimning oxirgi egallab turgan lavozim maoshi bo`yicha va maxsus unvoni maoshi bo`yicha ish haqining 150 baravari miqdorida nafaqa to`lanadi.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog`ida halok bo`lgan xodimning oila a`zolariga – 100 baravar miqdorda.

Tan jarohati olinganda xodimga quyidagi miqdorlarda nafaqa to`lanadi:

og`ir tan jarohati olinganda – lavozim maoshi bo`yicha 50 baravari miqdorida;

o`rtacha og`ir tan jarohati olganda – 20 baravari miqdorida.

Ma`lumot uchun, bojxona organlarining xizmatdagi ofiserlari va serjantlar tarkibi xodimlarining farzandlariga o`qishga kirish uchun:

davlat oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga ajratilgan umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan bakalavriat ta`lim yo`nalishlarining kunduzgi ta`lim shakliga alohida ikki foizli davlat granti asosidagi kvotalar;

oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta`lim muassasalariga belgilangan umumiy qabul parametrlari doirasida ikki foizli davlat granti asosidagi kvotalar ajratiladi.

Shunday qilib, tavsiyanoma bir davlat oliy ta`lim muassasasi hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta`lim muassasasiga bir marta kirish uchun uch yildan oshmaydigan muddatga beriladi.

Qoidalar qaror bilan tasdiqlangan quyidagi nizomlarda mustahkamlab qo`yilgan:

Davlat bojxona xizmati organlarining xizmat majburiyatlarini bajarish chog`ida tan jarohati olgan xodimlariga, shuningdek halok bo`lgan xodimlar oilalariga bir martalik nafaqa tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida;

Davlat bojxona xizmati organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog`liq holda etkazilgan zararning o`rnini qoplash tartibi to`g`risida;

Davlat bojxona xizmati organi xodimlarining farzandlariga davlat oliy ta`lim muassasalari hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to`g`risida;

Davlat bojxona xizmati organi xodimlariga uy-joy ijarasi uchun har oylik pulli kompensasiya to`lash tartibi to`g`risida.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 2023 yil 29 dekabrdan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar