Prezident Shavkat Mirziyoev15 yanvar kuni geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizning o`sib borayotgan iqtisodiyotini resurslar bilan ta`minlashda geologiya strategik ahamiyatga ega. Ma`lum qilinishicha, so`nggi yillarda bu sohaga yiliga 1 trillion so`mdan mablag` ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o`rganilgan.
Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilingan. Bugungi kunda sohada 1 milliard 700 million dollarlik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko`p. Konlar va ularni o`zlashtirish ko`lamini kengaytirish mumkin.
Taqdimotda shu boradagi istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga mo`ljallangan rejalar to`g`risida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari uni tinglab, yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada uzoqni ko`zlash va zamondan ilgari yurish muhimligi ta`kidlandi.
Shu bois marrani katta olib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o`zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Sohaga xorijiy texnologiyalar va investisiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qo`yildi.
Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko`mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi ko`rsatib o`tildi. Ilg`or xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e`tibor qaratildi.






