1

Abdulla Qahhor. Dahshat (hikoya)

Mutolaa 15.01.2024, 23:07
Abdulla Qahhor. Dahshat (hikoya)

Xotin-qizlarning burun zamonda ko`rgan kunini bilmaysizlar, qizlarim, aytgan bilan ishonmaysizlar!..

To`raxon oyi

Yaqin ikki haftadan beri ko`z ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, g`uvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi.

Bunday kechalarda odamzod qo`ymijoz g`uj bo`lib va nimanidir kutib jimgina o`tirishni xohlab qoladi.

Olimbek dodxoning sakkiz xotini katta kundosh Nodirmohbegimning uyiga yig`ilib, sandal atrofida o`tirishar edi. Dodxo har kecha taroveh namozidan keyin halqaga qolar edi, bu kecha erta qaytdi. Hamma to`zidi: xotinlardan biri uning sallasini oldi, biri chakmoniga qo`l uzatdi, biri mahsisini tortgani chog`landi… Kundoshlarning eng kichigi — bu dargohga tushganiga besh oygina bo`lgan kelinchak — ganjiravonlik Unsinoy chilim solib tutdi. Dodxo chilimni bir marta, lekin juda qattiq tortdi-yu, yasov tortib turgan xotinlariga e`tibor qilmay, to`rga o`tdi va darchani jindakkina qiya qilib, bir ko`zi bilan tashqariga qaradi. Shamol goh och bo`riday uvillar, goh o`lim changaliga tushgan mushukday pixillar, vag`illar, hech narsa-hech narsa ko`rinmas edi.

Dodxo darchani zichlab yopib, joyiga o`tirib tasbeh o`girishga kirishdi. Uning barmoqlari tasbeh donalarini tez-tez o`tkazayotgan bo`lsa ham, qulog`i g`uvillayotgan shamolda, xayoli go`ristonda edi: “Hozir go`riston qanaqa vahimali bo`lsa ekan…”

Uzbek go`ristoni o`zi xunuk, buning ustiga, go`riston haqida aytilmagan xunuk gap, to`qilmagan vahimali mish-mish qolgan emas. Haqiqatan, bunday kechalarda go`riston esiga tushgan har qanday odam, ayniqsa, dodxo singari payg`ambar yoshidan oshib, kafanligini sandiqqa solib qo`ygan kishi o`lishdan ham ko`ra go`ristonda yotishini o`ylaganida tiligacha sovuq ter chiqaradi.

Dodxo boshidan go`riston xayolini chiqarib tashlash uchun tasbehini qo`yib undan-bundan gapirgan bo`ldi, lekin hech kim bu gaplarga gap ulamadi.

Shamol bir xuruj qilganida nimanidir keltirib darchaga urdi. U narsa darchani tirmalaganicha sidirilib pastga tushib ketdi. Hamma o`tirgan erida go`yo bir qarich cho`kkanday bo`ldi va tin olmay bir-biriga qaradi. Dodxo xotinlariga, ulardan ham ko`ra o`ziga taskin berish uchun o`rnidan turib darchaning bir tomonini ochdi. Darchadan kirgan shamol osma chiroqni lipillatdi, tebratdi. Dodxo pastga qaradi va suyunib ketganday:

—    Bo`yra, bo`yra ekan!— dedi va darchani yana zich yopib joyigao`tirdi.

Bo`yra odatda tobutga solinadigan bo`lganidan, dodxoning ko`z oddiga odamlarning elkasida lapanglab ketayotgan tobutni keltirdi. Tobut esa yana go`ristonni eslatdi, go`riston haqida bolaligidan qulog`ida qolib kelgan vahimali gaplarni, hodisalarni jonlantirib yubordi. Dodxo bu xayollarni engish uchun go`riston vahimalaridan o`zi so`z ochdi va ikki og`iz gapining birida o`zining dovyurakligini xotinlariga, ulardan ham ko`ra o`ziga pisanda qila ketdi.

Gapdan gap chiqib, Nodirmohbegim bir voqeani aytib berdi.

—    Bola edim. Rahmatli dadam gap er edilar. Bir mehmonxona yigit… Mana shunaqa shamol kechasi ekan. “Hozir kim go`ristonga borib, Asqarponsotning go`riga pichoq sanchib

keladi?” degan gap bo`lipti. Shunda bir kishi pichog`ini qinidan sug`urib: “Men sanchib kelaman”,— depti, bitta qo`ydan garov bog`lashib yo`lga tushipti. Jo`ralari hali kutishar emish — yo`q, hali kutishar emish — yo`q; tong otipti, uyida ham yo`q emish; go`ristonga borib qarashsa, Asqarponsotning go`ri oldida o`lib yotgan emish! Bechora go`rga pichoq sanchganida etagini qo`shib sanchgan ekan, qaytay desa etagidan birov tortganday bo`lgan-da…

Hammaning eti jivillashib ketdi. Uzoq jimliqdan keyin Unsin yonida o`tirgan kundoshiga shivirlab:

—    O`lsin, nokas odam ekan, bitta qo`yni deb… Koshki arziydigan narsa bo`lsa!.. — dedi.

Bu gapni dodxo eshitib qoldi. Uning nafsoniyati qo`zg`adi. Dodxoday odam go`riston deganda tizzasi qaltirasa, birov “olamga podsho qilaman” degan taqdirda ham bormasa, borolmasa-yu, bu qiz mushtday boshi bilan, “arziydigan narsa bo`lsa men boraman” desa!

Dodxo g`ashi kelib, Unsinni masxara qildi:

—    Obbo, tegirmonchining qizi!.. Bitta qo`yni nazarlari ilmaydi! Nechta qo`y bo`lsa arzir edi? Sen o`zing o`nta qo`y bersam, pichoq sanchib kelasanmi? Yuzta qo`y, davlatimning yarmini bersam borasanmi?

Unsinoy bozvantidagi tangalarni o`ynab:

—    Menga davlat kerak emas, davlat kerak bo`lsa borar edim, — dedi.

Bu gap dodxoga tegib ketdi.

—    Nima kerak?

Unsin indamadi. Dodxoning savoli javobsiz qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak eydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi:

—    Javob bersang-chi!

—    Tildan qoldingmi?!

Yonida o`tirgan kundoshi tirsagi bilan biqiniga ikki-uch turtgandan keyin, Unsin boshini ko`tarib, balo-qazoday tikilib turgan dodxoga bir ko`z tashladi-yu, yana boshini egib, lekin dadil javob berdi:

—    Javob bersangiz… Ganjiravonga ketsam… Bitta go`rga bitta pichoq emas, o`nta go`rga o`nta pichoq sanchib kelaman… – dedi.

Uning maqsadini kundoshlar darrov fahmlashdi. Lekin dodxo bunday gapni sira kutmagani uchun yanglish tushundi.

—    Tag`in nima qilasan Ganjiravonda, borib kelganingga ikki oy ham bo`lgani yo`q-ku!

Nodirmohbegim sandal ichidan oyog`ini uzatib Unsinning boldirini chimchiladi, ko`zi bilan “xayriyat, tushunmadi, bas, gapirma”, deb ishora qildi. Biroq Unsin jonidan kechgan kishining shijoati bilan dodxoga tik qaradi.

—    Yo`q, men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz demoqchiman.

Gapni aytgan Unsinu, boshqalar o`tirgan joyida erga qapishib ketdi. Biroq dodxo, hammaning kutganiga qarshi, qo`liga qamchi olib Unsinni “qaering qichidi”ga solmadi, aksincha, zaharxanda bilan bo`lsa ham, muloyim gapirdi:

—    Shunaqami?.. Xo`p, mayli, aytganing bo`la qolsin, — dedi va bir oz o`ylab turib g`ijinganini yashirolmay ilova qildi: — Lekin go`ristonga pichoq emas, qumg`on olib borasan. Onhazratim sag`anasi oldida qumg`on qaynatib, bitta choy damlab kelasan, maylimi?

—    Mayli, mayli! — dedi Unsin ko`zlari javdirab, — lekin lafzingizdan qaytmasangiz…

Dodxoning dami ichiga tushib ketdi. Bir gadovachchaning bu dargohdan ketishga oshiqishi unga haqorat bo`lib tushdi. Endi Unsinni tilab olish uchun biron so`z aytishga hech kim, hatto go`ristondan uning o`ligi kelishiga ko`zi etib, ichida faryod chekayotgan Nodirmohbegim ham jur`at qilolmay qoldi.

Dodxoning oppoq, uzun soqoli, tovushi titradi.

—    Xo`p, lafzimdan qaytmayman, mana xotirjam bo`la qol: men hozir seni bir taloq qo`ydim, qaytib kelganingdan keyin uch taloqsan! Bor, qumg`onni ko`tar!..

Unsin dodxodan darrov yuzini berkitganicha chiqib ketdi. Nodirmohbegim, qo`lidan boshqa ish kelmagandan keyin, hech bo`lmasa Unsinning yuragiga quvvat bo`ladigan bir-ikki og`iz so`z aytish maqsadida ketidan chiqmoqchi bo`lgan edi, dodxo xo`mrayib joyiga o`tqazib qo`ydi. Kundoshlar bitta-bitta oyoq uchida yurib chiqib ketishdi.

Unsin uyiga kirdi, paranji-chimmatini yopindi, qumg`onga suv to`ldirib, choynakka choy soldi-yu, jo`nadi. Ko`r oydin. Osmonning chekkasi sarig`-kir uvadaga o`xshaydi. Bu kir shu`la qo`ynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora qo`rinadi. Pishqirayotgan shamol har xuruj qilganida Unsinni tentiratar, talay joyga surib tashlar edi. Unsin paranji-chimmatini yumaloqlab qo`liga olganidan keyin yo`l yurish osonroq bo`ldi.

Go`riston to`g`risida dodxo nimalar eshitgan bo`lsa, Unsin ham shuni eshitgan, shamol kechasi go`riston dodxo xayolida qandoq dahshatli bo`lsa, uning xayolida ham shunday dahshatli, lekin shundoq bo`lsa ham, tiriklar go`ristoni bo`lgan bu dargohning dahshati oldida o`liklar go`ristonining dahshati unga dahshat ko`rinmas, bundan tashqari, ertagayoq Ganjiravonga jo`nash, ota-onasini, dugonalarini ko`rish umidi uning boshiga boshqa hech qanday fikr-xayolni yo`latmas edi.

Unsin xuddi dadasidan katta hayitlik olib bozorboshiga ketayotgan yosh boladay chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga so`z bermay, ba`zan irg`ishlab borar edi; biroq go`riston ko`chasiga burilib, salobat bilan tebranayotgan qop-qora keksa chinor ostida oqarishib turgan sag`analarni, belgisiz zulmatni ko`rganida yuragi uvishdi-yu, zovur ko`prigidan o`tib, ikki qadam qo`yganicha to`xtab qoldi. Dahshat uning yuragiga raxna soldi: Ganjiravon, ota-onasi, dugonalari xayolidan ko`tarilib, ko`z oldiga oppoq kafanga o`ralib sag`ana va go`rlar atrofida elib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi ro`molini bir qarich ko`targanday bo`ldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi o`likdan qo`rqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: “O`likning joni yo`q! O`likning joni yo`q!” – deb olg`a intildi, shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sag`anasi oldida to`xtadi; choynak bilan qumg`onni oyog`i ostiga qo`ydi, paranji-chimmatni bir chekkaga tashladi, ichida: «Ko`pi ketib ozi qoldi», deb suyundi. Biroq uning suyungani behuda edi: hamma narsani olipti-yu, eng zaruri — o`tin esidan chiqipti! Har sag`anadan bir qo`l, har go`rdan bir tovush chiqishini kutib o`tin qidirish vahimasi uning yuragiga yana raxna sola boshladi. Unsin o`ziga-o`zi baland tovush bilan yana: “O`likning joni yo`q!”- deb, hozir diliga bitta odamchalik quvvat bo`layotgan bu gapni og`zidan qo`ymay, sag`ana va go`rlarni oralab o`tin qidirdi; paypaslanib, qo`liga ilingan narsani etagiga soldi, qamish sindirdi, yantoq, giyoh yuldi, qo`llari qonab ketganini ham payqamay, topgan-tutganini keltirib o`t yoqdi. O`t chirsillab-chirsillib birpasda gurkiradi, shamolda to`lg`anayotgan tutun aralash alanganing qizg`ish shu`lasidan qorong`ilik lipillab, uzoq-yaqinda do`playib turgan go`rlar, xuddi birov tuproqni ko`tarib chiqayotganday harakatga keldi.

Unsin yana o`tin qidirdi, lekin har safar o`tin qalaganida alanganing gurkirashi, chirsillashi mudrab yotgan arvohlarni uyg`otib yuborishidan qo`rqqandek, uning ustiga o`zini tashlaguday bo`lar edi.

Nihoyat, qumg`on qaynadi. Unsin naridan-beri choy damladi, quruq yantoq va qamishlarga o`t ketmasin uchun o`tni tepkilab o`chirdi; o`ng qo`lida choynak va chap qo`lida qumg`on, o`tning shu`lasidan ko`zi hanuz qamashib borar ekan, bir joyda er o`pirilib, chap oyog`i taqimigacha botib ketdi va oyog`ining uchi yumshoq bir narsaga tekkanday bo`ldi. Unsin boyagi gapni duoday tez-tez qaytarib, qo`rquvni o`ziga yo`latmayotgan bo`lsa ham, ko`ngliga “o`likning qornimikin” degan gaplar keldi-yu, yuragi orziqib, oyog`ini darrov sug`urib oldi va chuqurda qolgan bir poy kavushini olgani yurak qilolmay mahsichan ketaverdi. Unsin bir necha qadam bosganidan keyin paranji-chimmati sag`ananing oldida qolganini eslab to`xtadi, lekin qaytib borgani botinolmadi, hozir qaytish emas, qayrilib qaragani ham yuragi dov bermas, nazarida hamma o`liklar sag`analardan, go`rlardan boshini chiqarib, ketidan qarab turganday edi. Unsin nima qilishini bilmay turib qoldi. Shu asnoda kattakon bir sag`ananing ichidanmi, naryog`idanmi allaqanaqa bir tovush eshitildi-yu, xayal o`tmay nimadir kelib Unsinning elkasiga minib oldi, aftidan, bo`g`moqchi bo`lib qo`l uzatdi. Unsin ko`kragiga nihoyatda og`ir bir narsa bilan urilganday ko`ngli ozib tentirab ketdi-yu, yiqilmadi, lekin oyoq uzra turib hushidan ketdi; oradan qancha vaqt o`tganini bilmadi, ko`zini ochib qarasa jonvor elkasidan tushipti, emaklab boyagi sag`ananing orqasiga o`tib ketdi. Unsin qo`rquvdan telba bir ahvolda bo`lsa ham fahmladi: maymun! Dodxoning maymuni! Maymunni dodxoning o`zi olib kelmagandir, birovdan berib yuborgan! Dunyoda dodxoday berahm odam yana bor ekanmi!

Unsin elkasiga maymun mingan dakiqada naqadar qo`rqqan bo`lsa, hozir shu qadar tinchidi, xotirjam bo`ldi: demak, qandoq berahm bo`lsa ham shu atrofda odam bor!

Unsin go`ristoqdan chiqib, katta yo`lga tushib oldi, yarim yo`lga borganida chap qo`liga qattiq og`riq kirganini sezdi. Og`riq qumg`onni eslatdi. Chap qo`lida qumg`on bor edi, qani? Unsin bir to`xtadi-yu, choynakni ikkala qo`li bilan bag`riga bosib, darmoni etguncha jadalladi. Tushida yugurganday uning yo`li ko`paymas, ikki oyog`i gavdasidan keyinda qolar, qo`lidagi choynak tobora og`irlashib borar edi.

Unsin Nodirmohbegimning og`ir eshigini zo`rg`a ochdi, ostonadan o`tib, bir necha qadam bosganidan keyin holdan toyib cho`kkaladi va ne mashaqqat bilan intilib, jo`mragidan choy oqib bug`lanayotgan choynakni sandalning bir chekkasiga qo`ydi, umrlik orzusi ushalganday, hordig`i chiqib, o`zini erga tashladi. Sandalda o`tirib pinakka ketgan dodxo uyg`onib tamshandi, boshini ko`tarib Unsinni ko`rdi-yu, “jon berayotipti” deb o`yladi shekilli, ko`zlari olaydi, undan ko`zini olmay sekin o`rnidan turdi, xuddi o`lim xavfidan qochganday, bir irg`ib sandaldan oshdi-da, o`zini eshikka urdi…

Unsin hushdan ketgan ekan, bir vaqg ko`zini ochib qarasa, sandalning chetida chalqancha yotibdi, tepasida Nodirmohbegim yig`lab o`tiripti. Uning o`ng ko`zi momataloq bo`lib shishib ketgan, oq doka ro`molining u er-bu eriga qon tekkan ekan. Unsin Nodirmohbegimga ko`zi tushgan zamoni undan dodxoning lafzi lafzmi ekanini so`ramoqchi bo`lgan edi, uning ahvolini ko`rib, eshitilar-eshitilmas:

—    Sizga nima bo`ldi?— dedi.

Nodirmohbegim Unsinning yosh joniga rahm qilishini, uni qaytarishni so`rab dodxoga yolvorganida dodxo uni tutib olib xo`p urgan edi. Nodirmohbegim Unsinning savoliga javob bermadi, tovush chiqarmay yana ham qattiqroq yig`lab, uning boshini siladi, yuzini yuziga qo`ydi; so`ng, o`sha chog`i odam yuborib go`ristondan oldirgan ikki chimdim tuproqni yarim piyola suvga chayib Unsinga tutdi.

—    Ich, jigarim, qo`rqqansan… Go`ristonda qo`rqqanga go`ristonning tuprog`i davo bo`ladi.

Unsin piyoladagi loyqa suvni darrov ichdi va xiyla engil tortganday bo`ldi.

—    Mendan qaytmasa xudodan qaytsin… Ota-onam borishimni harna ertaroq eshitsa, harna ertaroq suyunsa…

Nodirmohbegim yana kaltaklanishidan hayiqmay, Ganjiravonga bir xizmatkorini yubordi.

Biroq Unsin peshingacha etmadi — uzildi.

Shom qorong`isida uning jasadini qizil ko`rpaga o`rab aravaga solishdi. Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shoxida chiyillar, g`uvillar edi.

Darvozadan boshida paranji va qo`lida oq tuguncha Nodirmohbegim chiqdi. U darvozaga yuzini o`girib cho`nqaydi, ikki qo`lini fotihaga ochib, bir nimalar dedi. Dodxoning o`zi bilan birga bu dargohni erning qa`riga yuborganday ikkala mushtini uch marta erga qadadi; keyin “bu dargohni endi elkamning chuquri ko`rsin” deganday bir harakat bilan keskin burilib aravaga chiqdi, marhumaning bosh tomoniga o`tirdi.

Arava jo`nadi, shahar qo`rg`onidan chiqqanda kunduzi Nodirmohbegim yuborgan xizmatkor Ganjiravondan qaytib kelmoqda edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1