Joriy yilning 16 yanvar kuni taxminan soat 17:00 larda Toshkent shahar Uchtepa tumani IIBga kelib tushgan xabarga ko`ra, tumanning 1-Tong ko`chasida yashovchi oilaning 5 nafar a`zosi hushsiz holda o`z yashash xonadonida topilganligi holati yuzasidan xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi chiqqan va joy hamda hushsiz tanalar ko`zdan kechirilgan vaqtda fuqarolar – 38 yoshli M.N. (ayol) va 4 yoshli S.S. (ayol) lar vafot etganligi ma`lum bo`lgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning darakchi.uz’ga ma`lum qildi.
Shuningdek, RShTYoIMning toksikologiya bo`limiga og`ir ahvolda olib borilgan 40 yoshli Z.A. (erkak) ham ko`rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan 17 yanvar kuni vafot etgan.
Bundan tashqari fuqarolar 2011 yilda tug`ilgan M.S. (ayol) hamda 2023 yilda tug`ilgan F.S. (ayol) lar hushsiz xolatda topilib, RShTYoIMning Toksikologiya jonlantirish bo`limiga joylashtirilgan.
Hodisa joyidan turli xil giyoh va dori vositalari, xonadonda iste`mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan JKning 186-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.