Ijtimoiy tarmoqda PAA 267 davlat raqam belgisini avtomobil salonida noma`lum shaxs (yo`lovchi) qo`lida ushlagan holda harakatlangani aks etgan video joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu davlat raqam belgisi Andijon viloyati hokimiga xizmat qiluvchi Prado rusumli transport vositasiga tegishli.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 125-moddasi 5-qismiga ko`ra, davlat raqam belgisi o`zboshimchalik bilan echib olingan transport vositalarini boshqarish BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Holatga Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimov rasmiy izoh berdi.
Unga ko`ra, lavha oldingi yillarda tasvirga olingan. Rahbariyat vakili mashinada bo`lgan taqdirda, bu kabi holatlarga yo`l qo`yilmasligini barcha birdek tushuna oladi. Bu kabi holat biror xodimning ish vazifasiga nisbatan mas`uliyatsiz qarashidan yuzaga kelishi mumkin.
Shu holatdan kelib chiqqan holda o`sha vaqtni o`zida xodimlarga tegishli tartibda ogohlantirish berilgan va bunday holatlarga yo`l qo`ygan bir nafar xodim vazifasidan ozod qilingan, deyiladi izohda.






